Joriy yilning oktyabr oyida Uzumchilik va vinochilik bo‘yicha 47-butunjahon kongressi hamda Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotining (OIV) Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Kongress tarixda ilk bor Osiyoda, aniqrog‘i Xitoyning Inchuan shahrida o‘tkazildi. Xitoy Xalq Respublikasining OIVga qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasi faqat 2024 yilda ma’qullangan edi, biroq bu mamlakatda vino ishlab chiqarish va iste’mol qilish an’analari minglab yillarga borib taqaladi. Bundan tashqari, bugungi kunda Xitoy tokzorlar maydoni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Mast krevetkalar
«Xitoyda vinochilik madaniyati» kitobining muallifi Xu Syaoveyning yozishicha, xitoyliklar bir yilda o‘rtacha mashhur Sixu ko‘lining 3500 ta hajmiga teng miqdorda alkogol sotib oladi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Sixu ko‘lining suv hajmi 14 290 000 000 litrni tashkil qiladi. Agar buni 3500 ga ko‘paytirsak, 50 015 000 000 000, ya’ni 50 trillion litrdan ortiq astronomik raqam hosil bo‘ladi. Mazkur ko‘rsatkichni Xitoyning butun aholisiga bo‘lib chiqsak, bir yilda har bir xitoylik — qariyalar, bolalar va homilador ayollarni ham qo‘shib hisoblaganda — 35 ming litrdan ortiq alkogol iste’mol qilishi kelib chiqadi. Bu, albatta, aqlga sig‘mas raqam, biroq Xitoy tarixiga nazar tashlansa, spirtli ichimliklarni litrlar va hatto kub metrlar emas, ko‘llar bilan o‘lchash an’anasi qaerdan paydo bo‘lgani oydinlashadi.
Shan davrining (miloddan avvalgi 1600 – 1046 yillar) so‘nggi hukmdori Chjou-van ismli shaxs bo‘lgan. U, birinchi navbatda, betizgin nafs bandasi, ochofat va ichkilikboz sifatida nom chiqargan. Rivoyatlarga ko‘ra, u o‘zi uchun sun’iy ko‘l qazdirib, uni lab-labigacha vino bilan to‘ldirishni, ko‘l o‘rtasida esa go‘shtli yeguliklar qo‘yilgan kichik orolchalar tashkil qilishni buyurgan. Ushbu orollarda yalang‘och erkaklar va ayollar shaxsan Chjou-vanning rahnamoligi ostida cheklanmagan axloqsizlikka, ya’ni qadimgi rimliklar va ayrim zamonaviy siyosatchilar ta’biri bilan aytganda, vakxanaliyalarga berilishgan.
Xitoy tilida shu kungacha «tszyu chi jo‘ lin» — «vino ko‘li, go‘sht o‘rmoni» degan ibora saqlanib qolgan. U cheksiz buzuqlik va ma’naviy tubanlikning majoziy ifodasi sifatida ishlatiladi. Vino ko‘llari haqida gapirish an’anasi Xitoyga aynan o‘sha qadimgi zamonlardan kelib qolgan bo‘lsa kerak.
Ta’kidlash joiz, xitoyliklar vinoni choydan ham ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Biroq, choydan farqli o‘laroq, vinoni me’yoridan ortiq iste’mol qilish ko‘pincha to‘polon, tartibsizlik va axloqsizlik bilan yakunlanadi. Ehtimol, aynan shu sababli ma’lum bo‘lgan butun tarix davomida Xitoyda kamida 15 marta «quruq qonun» (spirtli ichimliklarni taqiqlash) joriy qilingan.
Alkogol iste’moliga birinchi taqiq Xitoyni bundan to‘rt ming yildan ziyod vaqt muqaddam yashagan afsonaviy ajdod — Buyuk Yuy boshqargan davrga to‘g‘ri keladi. Taxminlardan biriga ko‘ra, Xitoyda ilk vino aynan o‘sha paytda paydo bo‘lgan. Ma’lumki, Yuy Xitoy zaminini bosgan buyuk to‘fonni jilovlagani bilan shuhrat qozongan. Afsonaga ko‘ra, Buyuk Yuy to‘fonga qarshi kurashga o‘n uch yil umrini bag‘ishlagan. Shu vaqt ichida u o‘z uyi yonidan uch marta o‘tgan, ammo bor kuch-g‘ayratini ona yurtni qutqarishga sarflab, uyiga bir bor bo‘lsin kirmagan. Shu bilan birga, uyida uni uch nafar rafiqasi kutgan, ulardan biri, rivoyatga ko‘ra, to‘qqiz dumli sehrgar tulki bo‘lgan. Rafiqalar erlarini kutishdan charchab, I Di ismli oshpazdan Buyuk Yuyni uyga hech bo‘lmasa ozgina vaqtga qaytarish yo‘lini topishni iltimos qilishgan.
Oshpaz I Di shunday yo‘lni o‘ylab topgan: u vino ixtiro qilgan va uni Yuyga taqdim etgan. Hukmdor bir qadahni ichgan, so‘ng to‘xtamasdan yana birini bo‘shatgan. Vinoni tatib ko‘rgan Yuy xushchaqchaq bo‘lib qolgan, tanasi kuchga, ruhi esa tetiklikka to‘lgan. Aytishlaricha, u minnatdorlik ramzi sifatida hatto o‘z qizini I Diga turmushga berishga qaror qilgan. Biroq, barchasini taroziga qo‘yib, puxta o‘ylab ko‘rgach, vino foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi degan xulosaga kelgan va undan foydalanishni man etgan. Bu Xitoy tarixidagi birinchi «quruq qonun» bo‘lgan.
Bunday qattiqqo‘llikka qaramay, Yuyning rasmiy maqbarasi joylashgan Shaosin shahrida har doim juda yoqimli mahalliy vinoni, shuningdek, «shaosinlik kichik mast ayol» deb nomlanuvchi yegulikni tatib ko‘rish mumkin — odatda u krevetkalardan tayyorlanadi.
Umuman olganda, vino juda ko‘plab Xitoy taomlari tarkibiga kiradi, ammo ular orasida eng mashhurlari mast krevetkalar va mast krablardir. Ko‘pchilikning fikricha, ular eng mazali tarzda Xanchjou shahrida tayyorlanadi. Tirik krevetkalar (yoki kichik krablar) ustiga shaosin vinosi va ziravorlar aralashmasi quyiladi. Bu aralashma tufayli ular juda tez mast bo‘lib qoladi va og‘ir qopqoq bilan mahkam yopilgan, maxsus mo‘ljallangan shaffof idishda sakrab, to‘polon qila boshlaydi. Bu idish mijozga uning mastona harakatlarini bemalol tomosha qilishi uchun keltirib beriladi. Vaqt o‘tishi bilan krevetkalar (yoki krablar) tobora ko‘proq mast bo‘lib, oxir-oqibat tinchlanadi va uxlab qoladi. Shundan so‘nggina qopqoqni ochib, taomni tanovul qilishga kirishish mumkin.
«Mast krevetkalar» — spirtli ichimlik qo‘shib tayyorlanadigan xitoycha yegulik. Foto: Fumikas Sagisavas / Wikimedia Commons, CC0.
Vinochi maymunlar
Qizig‘i shundaki, akademik fan Buyuk Yuy haqidagi rivoyatni tasdiqlamaydi. Xitoylik olimlarning fikricha, alkogol Xitoyda afsonaviy hukmdordan ancha oldin paydo bo‘lgan. Bu taxminan miloddan avvalgi 7000–5500 yillarda sodir bo‘lgan. Mazkur ma’lumotlar 1983 yilda Szyaxu kichik qishlog‘ida (Xenan provinsiyasi) o‘tkazilgan qazishmalarga asoslanadi. Aynan o‘sha yerda hozirgi kungacha ma’lum bo‘lgan eng qadimiy vino kosalari topilgan.
Szyaxudan topilgan kosalar kimyoviy tahlildan o‘tkazilganda, saqlanib qolgan mikrozarrachalar bu kosalarga qachonlardir uzum, do‘lana, asal va guruch aralashmasidan tayyorlangan ichimlik quyilganini ko‘rsatdi.
Biroq, ba’zi xitoylik olimlar o‘z tadqiqotlarida bundan ham uzoqroqqa borishdi. Ular vino ixtirochilari maymunlar — tabiiyki, xitoy maymunlari bo‘lganini aniqlashdi. Ushbu tashabbuskor primatlar Xuanshan tog‘ida yashab, mevalarni tergan va ularni qoyalar orasidagi yoriqlarga tashlagan. Harorat va mahalliy zamburug‘lar ta’sirida mevalar achiy boshlagan hamda tosh qoyalardagi chuqurliklarda yig‘ilib qoladigan mast qiluvchi suyuqlik ajratib chiqargan. Maymunlar ana shu suyuqlikni bir-birlarining sog‘lig‘i uchun ichishgan. Ichib olgach, tajovuzkor va urushqoq maymunlar yalqov va yuvosh bo‘lib qolishgan. To‘g‘ri, vinoni birinchi bo‘lib Xuanshan tog‘idagi maymunlar emas, balki ularning Xaynan orolidagi Tsyanjou degan joydagi qarindoshlari tayyorlagan degan taxmin ham bor. Biroq bu jo‘g‘rofiy nozikliklarni hozir hamma xitoylik ham, hatto hamma maymun ham tushunib yeta olmaydi.
Buyuk Yuy va uning oshpazi I Di mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, shuni ta’kidlash lozimki, I Di nafaqat vino ixtirochisi, balki birinchi vino barning yaratuvchisi ham bo‘lgan. Gap shundaki, Buyuk Yuy tomonidan joriy etilgan vino iste’moliga cheklov faqat yuqori martabali amaldorlarga tegishli bo‘lgan — qolganlar bilan hech kimning ishi bo‘lmagan, davlat ierarxiyasida oddiy odamlar maymunlardan unchalik yuqori turmas edi. I Di «taqiqlangan narsa» orqali yaxshigina pul ishlab olish mumkinligini tezda fahmlab, quyi martabali amaldorlar va oddiy fuqarolar uchun bar ochgan. Bar hozirda Baofen shahri qad rostlagan hududda joylashgan bo‘lib, katta ehtimol bilan juda mashhur bo‘lgan.
☝️ Vaqt o‘tishi bilan uzum vinosiga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan, shundan so‘ng imperatorlar va oliy amaldorlar uni yana sinchkovlik bilan degustatsiya qilishga kirishganlar. O‘sha davrda birmuncha qattiq odat ham shakllangan: agar imperatorga vino keltirilsa-yu, unga ma’qul kelmasa, ushbu vino tayyorlangan tok tupi tomiri bilan sug‘urib tashlangan.
Farg‘onadan keltirilgan uzum
Bir taxminga ko‘ra, Xitoy haqiqiy uzum vinolari uchun Farg‘onadan, aniqrog‘i, Farg‘ona vodiysida joylashgan qadimgi Dovon davlatidan minnatdor bo‘lishi kerak. Aynan o‘sha yerdan elchi va sayyoh Chjan Tsyan miloddan avvalgi 138 yilda imperiya poytaxtiga a’lo navli vinobop uzumlarni olib kelgan. Bungacha Xitoyda «tog‘ uzumi» deb ataladigan navlar o‘sardi — ulardan ham vino tayyorlanardi, ammo sifati ancha past bo‘lgan.
Fors o‘lkasidan shinjonliklar orqali Xitoyga tok tuplarini to‘g‘ri parvarishlash va haqiqiy yuqori sifatli vino tayyorlash ilmi kirib keladi.
Tan davriga kelib (618–907) vino juda ommalashadi va bundan tashqari — ushbu davrning uch asri davomida mamlakatda vinoning yuzdan ortiq turi shakllanadi. Davlatda nafaqat imperatorlik vino zavodlari, balki amaldorlar va hatto oddiy odamlar yuritadigan xususiy korxonalar ham paydo bo‘ladi.
Tan davridan keyingi Sun davrida (960–1279 yy.) vinochilik sanoati beqaror holatga tushadi: vino goh juda faol ichiladi, goh xuddi shunday faol taqiqlanib, xitoylik mayxo‘rlarni qattiq xafagarchilikka soladi.
Xitoy vinosi sarguzashtlarining navbatdagi bosqichi mamlakatda mo‘g‘ullarning Yuan imperiyasi (1271–1368) o‘rnatilishi bilan bog‘liqdir. Mo‘g‘ullar Xitoyni bosib olgach, bu yerdagi uzum vinosi ularga juda ma’qul kelgan va mo‘g‘ul xonlari uning ashaddiy ixlosmandiga aylanganlar. Aynan Yuan sulolasi davrida Xitoy ibodatxonalarida katta qurbonliklar paytida uzum vinosini arvohlarga hadya sifatida tortiq qilish an’anasi keng tarqalgan. O‘sha paytda Shansi va Tszyansu provinsiyalarida Xitoydagi dastlabki chinakam yirik tokzorlarga asos solingan.
Tsin davriga (1644–1911) kelib uzum vinosiga xorijiy yoki dengizorti vinosi — «yantszyu» nomi biriktiriladi. Uni imperatorlar xush ko‘rishgan, ammo oddiy fuqarolar uchun u deyarli qo‘l yetmas bo‘lgan. Boz ustiga, oddiy aholi unga unchalik intilmagan ham, chunki o‘sha davrdagi xitoyliklarning didiga bunday ichimlik unchalik to‘g‘ri kelmagan.
Shampan vinosi ham xitoyliklarning didiga xuddi shunday mos tushmagan. Mamlakat aholisi uni tuzukroq tushunib yetmagan — ehtimol, gazlanganligi sabablidir. Xitoyning so‘nggi imperatori Pu I ham, mamlakatning birinchi prezidenti Yuan Shikay ham shampan vinosining katta ixlosmandlari bo‘lgan bo‘lsa-da, xalq bu g‘arbcha ermakni qabul qilmagan. Ikki minginchi yillarning boshida yirik shaharlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan shampan vinosi sotilgan, biroq uning haqiqiy shampan vinosiga aloqasi juda yuzaki bo‘lib, uni tatib ko‘rgan chet elliklarda taajjubdan boshqa hech narsa uyg‘otmagan.
1911 yilgi inqilob va mamlakatni qamrab olgan fuqarolar urushi tartibsizliklaridan keyin vinochilik nafosatiga vaqt qolmagan edi, xalq soddaroq ichimliklarni afzal ko‘rgan. Biroq XX asrning ikkinchi yarmida Xitoyda alkogol ishlab chiqarish jadal sur’atlar bilan o‘sdi. Chunonchi, 1949 yilda, kommunistlar g‘alaba qozonib, XXR tashkil topganda, yillik aroq ishlab chiqarish 100 million litrni, pivo — 70 million litrni, uzum vinosi esa bor-yo‘g‘i 200 ming litrni tashkil etgan. Biroq 2008 yilga kelib Xitoyda 5,69 milliard litr aroq, 41,03 milliard litr pivo va 700 million litr vino ishlab chiqarilgan.
60-yillarda Xitoyga Bolgariya, Vengriya va sovet vinolari olib kelingan, shu bois yoshi katta xitoyliklarning bu boradagi didi bizniki bilan taxminan bir xil. 1979 yilda xitoyliklar ilk bor Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti (OIV) konferensiyasiga o‘z delegatsiyasini yuborishgan. Biroq Xitoy faqat 2025 yilda OIVning to‘laqonli a’zosiga aylandi.
72 darajali ichimlik
Hozirda Xitoyda uzum vinosi ishlab chiqaradigan bir nechta markaz mavjud. Qizig‘i shundaki, ularning barchasi shimoliy hududlar — Xevey va Shan‘dun provinsiyalaridir. Ehtimol, bu asrlar davomida islom dini Xitoyga aynan janubdan, xususan, Guanchjou orqali kirib kelgani va musulmonlar vinoni xush ko‘rmasligi bilan bog‘liqdir. Bugungi kunda Xitoyning shimolida ham musulmonlar ko‘p, biroq an’ana allaqachon shakllanib bo‘lgan va aynan shimol Xitoy vinochiligi markaziga aylangan. Shunday qilib, bugungi kunda eng yirik tokzorlardan biri Pekin yaqinida joylashgan. Shuningdek, u yerda uzumchilik va vinochilikka bag‘ishlangan yirik anjumanlar o‘tkaziladigan Yevropa uslubidagi qasr barpo etilgan.
Keramika idishlarda saqlanayotgan guruch vinosi, Xitoy, 2006 yil. Foto: Benjamin Chan / Wikimedia Commons, CC BY-SA 2.0.
XXR hududining katta qismini tog‘lar va qir-adirlar tashkil etadi, shuning uchun Xitoyda baland tog‘li tokzorlar mavjudligi ajablanarli emas. Ularning eng balandi dengiz sathidan 2700 metr balandlikda, Tibetdagi Yantszin («Tuzli quduq») nomli qishloqda joylashgan. Ushbu tokzorga XIX asrning 60-yillarida fransuz missioneri tomonidan asos solingan. O‘sha paytlarda chet elliklarning XXR va Tibetga kirishi o‘lim jazosi xavfi ostida taqiqlangan bo‘lib, faqat savdogarlar uchun istisno qilingan. Tadbirkor missioner savdogar kiyimini kiyib, nasroniylikni targ‘ib qilish uchun Tibetga kelgan. Nasroniylik bilan birga u bu yerga Bordodan uzum ko‘chatini va vino tayyorlash an’anasini ham olib kelgan. Bu yerda missioner Tibetdagi birinchi va yagona xristian ibodatxonasini qurgan bo‘lib, u shu kungacha saqlanib qolgan. Ushbu ibodatxona qoshida xitoylik nasroniylar yashaydi va ular yiliga atigi 150 litr vino ishlab chiqaradilar.
Biroq, xitoyliklarning hayoti faqat vino bilan cheklanib qolmaydi. Ular katta miqdorda aroq, pivo va boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham iste’mol qilishadi. Odatda, bu ichimliklar nomida 酒 («tszyu», vino) iyeroglifi mavjud. Biroq bu har qanday alkogolli ichimlik uchun umumiy nom bo‘lib, xudolarga spirtli ichimliklar emas, balki toza buloq suvi nazr qilingan juda qadimgi davrlarga ishora qiladi. Va o‘sha paytda bu suv syuan-tszyu (玄 酒), ya’ni «qora, sirli, yashirin vino» deb atalgan.
Hozirgi kunda esa spirtli ichimlik turiga aniqlik kiritilmoqchi bo‘lsa, «tszyu» iyeroglifiga qo‘shimcha iyerogliflar qo‘shiladi, masalan, 葡萄酒 (putaotszyu) — uzum vinosi, 白酒 (baytszyu) — aroq, 啤酒 (pittszyu) — pivo va hokazo.
Alkogol haqida gap ketganda, xitoyliklarning o‘tkir ichimliklarga, xususan baytszyu yoki aroqqa bo‘lgan qiziqishini tilga olmay iloji yo‘q. Buning ustiga, bu aroqlar odatda yevropaliklar o‘rganganidan ko‘ra kuchliroqdir. Ular gaolyan, jo‘xori, tariq, bug‘doydan tayyorlanadi. Biz uchun odatiy bo‘lgan qirq darajali aroqlar ularda yumshoq hisoblanadi. Eng keng tarqalganlari 52–53 darajali aroqlar bo‘lib, ushbu qatorga mashhur «Maotay» ham kiradi. Ammo 60 darajadan oshadigan va hatto 70 darajaga yetadigan aroqlar ham mavjud.
«Maotay» shishasi — baytszyu toifasiga kiruvchi xitoycha o‘tkir ichimlik. Foto: Javierpetrucci / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0.
Darvoqe, 2026 yilda Xitoyda baytszyu uchun alkogol miqdorining juda keng doirasini — 18 foizdan 72 foizgacha belgilab bergan yangi milliy standart (GB/T 48009-2026) kuchga kirdi. Biroq bu jihatlarni xitoyliklarning o‘zlari hal qilishlariga to‘g‘ri keladi. Xitoy aroqlarining aksariyati juda o‘ziga xos ta’mga ega ekanini hisobga olsak, ularni hamma chet elliklar ham icha olmaydi.
Uch yil mast bo‘lib yurasan
Tabiiyki, xitoyliklarda vinochilik va spirtli ichimliklar uchun javobgar bo‘lgan ma’bud ham bor — uning ismi Du Kan. Rivoyatlarga ko‘ra, u Sya sulolasini Buyuk Yuydan taxminan yuz yil keyin boshqargan. Kunlardan bir kun Du Kan ortib qolgan guruchni tut daraxti kovagiga solib qo‘ygan va ma’lum vaqt o‘tgach, kovakdan kelayotgan ajib xushbo‘y hidni sezgan. Ushbu guruch birinchi vino uchun asos bo‘lib xizmat qilgan, Du Kan esa Xitoyda vinochilar va vino savdogarlarining homiysi sifatida qabul qilina boshlagan.
Xitoyda hattoki: «Du Kan arog‘idan ichsang — uch yil mast bo‘lib yurasan» degan maqol ham bor. Xenan provinsiyasida haligacha «Du Kan tszyu» nomli aroq mavjud bo‘lib, 1988 yilda XXR Tashqi ishlar vazirligi mazkur aroq davlat qabullari uchun rasmiy vakillik ichimligi ekani haqida bildirishnoma chiqargan.
Xitoy vinosi haqidagi hikoya, agar uning tibbiy maqsadlarda keng qo‘llanilishi eslanmasa, to‘liq bo‘lmaydi. Giyohlar qo‘shilgan iliq vino «Shen-nunning ildizlar va giyohlar haqidagi qonuni» klassik qo‘llanmasida tez-tez tilga olinadi. Xitoyda haligacha an’anaviy tibbiyotga ixtisoslashgan katta dorixonalar mavjud bo‘lib, u yerda tabiblar giyohlar, minerallar, ko‘rshapalaklar, bug‘i shoxlari, dengiz ignalari, chayonlar va shu kabi narsalar aralashmasidan tayyorlangan dorilar bilan davolaydilar. Bunday dorixonalar yonida asosan guruch vinosi asosida tayyorlangan shifobaxsh damlamalar solingan ulkan xumlar qator terib qo‘yilgan kichik do‘konlarni uchratish mumkin. An’anaviy klinikaga tashrif buyurgan odam shunday do‘konchada o‘z sog‘lig‘ini yanada mustahkamlashi mumkin. Bu yerda mijozga ehtiyojga qarab kichik qadahda ham, shifobaxsh vino solingan uch litrli shishabonkada ham quyib berishlari mumkin.
Xanchjouda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shahar markazida ulkan shaffof idishlarda ilonlar — kichik qoraimonlardan tortib ulkan pitonlargacha bo‘lgan damlamalar sotiladigan do‘kon bor. Ushbu sudraluvchilar oyna ortidan xaridorga g‘arazli nigoh bilan tikilib turadi. Bunday damlamalarni iste’mol qilish salomatlik uchun juda foydali deb hisoblanadi.
Xitoyda vino va aroq nafaqat kichik zaharli ilonlar, balki katta yoshdagi pitonlar bilan ham tayyorlanadi. Foto: Fergana.agency
Vinoga bo‘lgan bunday qiziqish sharoitida Xitoyda vinochilikka bag‘ishlangan muayyan miqdordagi muzeylar mavjudligi hayratlanarli emas. Eng mashhurlari Shanxay yaqinida, sayyohlar oqimi tinmaydigan «daryo shaharchalari» deb ataladigan joylarda joylashgan. O‘rta asrlarga oid janubiy Xitoy me’morchiligi go‘zalliklaridan bahramand bo‘lgan sayyohlar muzeyga yo‘l olishadi, u yerda nafaqat vino achiydigan ulkan chanlarni ko‘rish, balki ularning ichidagi mahsulotni tatib ko‘rish ham mumkin. Ko‘pgina muzeylarda o‘rta asr ustalari qozonlarni qanday qizdirgani, ularning tagiga qanday olov yoqqani, rassomlar vino uchun katta sopol xumlarni qanday bezagani haqida hikoya qiluvchi libosli namoyishlar o‘tkaziladi. Bu yerda turli navli mahalliy vinoni ham tatib ko‘rish mumkin, u xumlardan kichik cho‘mich bilan olinadi va mitti piyolalarga quyiladi. Bunday piyolalarning hajmi kichik, ammo tatib ko‘riladigan vino navlari ko‘p — elliktagacha yetadi. Shunday ekan, tashrif buyuruvchining shu yerning o‘zidanoq kayfi oshib qolish ehtimoli faqat uning jismoniy va moliyaviy imkoniyatlari bilangina cheklanadi.
-
11 noyabr11.11FotoToliblar saqlab qolishga vaʼda berayotgan saroyOg‘a Xon jamg‘armasi Kobuldagi qadimiy Bolo-Hisor qal’asini arxeologiya parkiga aylantirmoqda -
10 noyabr10.11Tikanli sim ortidagi XitoyNima uchun Pekin umumiy chegaraga ega bo‘la turib, toliblar bilan Markaziy Osiyo orqali savdo qilayotgani haqida -
19 oktyabr19.10VideoRossiya BRIKSda — yetakchi emasBritaniyalik ekspert Xitoyning roli, dedollarlashtirishning muvaffaqiyatsizligi va G7 inqirozi haqida -
30 sentyabr30.09Finlyandiya, Singapur, CambridgeO‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida -
24 sentyabr24.09NVIDIA va Huawei o‘rtasidaQozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda -
16 sentyabr16.09Tonggi tarovat o‘lkasidagi sammitMuhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?



