Turkmanistonning «Odjar Aziya» kompaniyasi xitoylik hamkorlarga Saraxs — Mari — Serxetobod tezyurar avtomagistrali va Afgʻonistonning Turgʻundi shahrida logistika majmuasini qurish loyihalarini taqdim etdi. Taqdimot 6–7 noyabr kunlari Shanxayda boʻlib oʻtgan Turkmaniston — Xitoy biznes-forumida boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Turkmenportal.
Avtomagistral Eron bilan chegaradagi Saraxs, Mari shahri hamda Afgʻoniston yaqinida joylashgan Serxetobodni bogʻlashi kerak. Ikkinchi loyiha esa Turkmaniston va Afgʻoniston oʻrtasida temir yoʻl qatnovi amalga oshiriladigan Turgʻundi quruqlik portida omborxona hamda logistika majmuasini barpo etishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, kompaniya Serxetobodda mehmonxona-logistika majmuasi, un kombinati va elevator, shuningdek, Mari viloyatida issiqxona xoʻjaligi hamda koʻp tarmoqli chorvachilik majmuasini qurish rejalarini taqdim qildi.
Forum doirasida «Odjar Aziya» xitoylik hamkorlar bilan toʻrtta oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ulardan biri Link Global International Logistics bilan tuzilgan boʻlib, xalqaro yuk tashish va transport-logistika xizmatlari sohasida hamkorlik qilishni koʻzda tutadi. Qolgan hujjatlar sunʼiy intellekt va intellektual tizimlarni joriy etish, savdo-investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, qurilish va qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib berishga taalluqlidir.
Forum yakunlari boʻyicha jami turkman va xitoy kompaniyalari 12 ta memorandum imzoladi. Muzokaralarda Xitoy Xalq Respublikasidan 350 dan ortiq ishbilarmon va Markaziy Osiyo respublikasidan 120 dan ziyod vakil ishtirok etdi. Tadbir tashkilotchilari sifatida Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi hamda «Odjar Aziya» kompaniyalar guruhi tarkibiga kiruvchi TMT Consulting Group ishtirok etdi. Forum toʻqqizinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari koʻrgazmasi (CIIE 2026) doirasida oʻtkazildi.
Turgʻundi — Afgʻonistonning Turkmaniston bilan temir yoʻl qatnovi boʻyicha asosiy punktlaridan biri. 2024 yil sentabrida tomonlar Hirotgacha boradigan boʻlajak temir yoʻlning bir qismi boʻlishi kutilayotgan Turgʻundi — Sanabar uchastkasi qurilishi boshlanganini eʼlon qilgan edi. Bir vaqtning oʻzida chegara stansiyasida ombor infratuzilmasini barpo etishga ham kirishilgan.
2025 yil iyulida Turkmaniston va Afgʻoniston Turgʻundi quruqlik portini rivojlantirishga qaratilgan 5 million dollar miqdoridagi investitsiya toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. Loyiha yangi omborlar hamda yuk ortish-tushirish inshootlarini qurishni nazarda tutadi. Moliyalashtirishni Turkmaniston tomoni taʼminlashi kerak boʻlib, u keyinchalik xarajatlarni obyektlardan foydalanishdan olinadigan daromadlar hisobidan qoplab oladi.
Transport koridorini rivojlantirishdan Qozogʻiston ham manfaatdor. 2025 yil aprelida Ostona va Kobul Turgʻundi — Hirot — Qandahor — Spin-Boldak temir yoʻli qurilishi boʻyicha niyat protokolini imzoladi. Marshrut Markaziy Osiyoni Pokiston bilan bogʻlashi va Hind okeani portlariga chiqish uchun qoʻshimcha yoʻl ochishi lozim.



