Britaniyaning Halalbooking servisi o‘zbek tilida mehmonxonalarni band qilish xizmatini ishga tushirdi

Britaniyaning mehmonxonalarni band qilish Halalbooking platformasi o‘zbek tilidagi saytini ishga tushirdi. Kompaniyaning tahririyatga kelib tushgan press-relizida qayd etilishicha, Halalbooking o‘zini o‘zbekcha interfeysga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi global mehmonxonalarni band qilish platformasi deb e’lon qildi.

O‘zbek tili ingliz, arab, turk, nemis, fransuz, rus va ozarbayjon tillari qatorida servisning sakkizinchi tiliga aylandi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Halalbooking‘ning o‘zbekcha versiyasi avvalgi o‘, g‘, sh va ch harflari o‘rniga ö, ğ, ş va ç belgilaridan foydalanilgan yangilangan lotin alifbosida tayyorlangan. Kompaniya vakillarining bildirishicha, ish jarayoni faqatgina 450 mingdan ziyod so‘zni tarjima qilish bilan cheklanib qolmadi: o‘zbek mutaxassislari band qilishning turli bosqichlari uchun atamalarni sinchkovlik bilan tanlashiga to‘g‘ri keldi, chunki bir qator tushunchalarning o‘zbek tilidagi raqamli mahsulotlarda hozircha umumqabul qilingan muqobillari mavjud emas.

Halalbooking musulmon sayyohlarga va oilaviy dam olishga mo‘ljallangan. Servis halol taomlar, spirtli ichimliklardan xoli xonalar, ayollar uchun alohida basseyn hamda spa, chekkadagi shaxsiy basseynli villalar va katta oilalar uchun yonma-yon xonalar borligini hisobga olgan holda joylashuv variantini tanlash imkonini beradi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, katalogga butun dunyo bo‘yicha qariyb 500 ming mehmonxona, villa va kurortlar kiritilgan.

O‘zbekcha talqinning yo‘lga qo‘yilishini kompaniya Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Maldiv orollari, Yevropa va Saudiya Arabistoniga safar qilayotgan о‘zbekistonlik sayyohlarga bo‘lgan yuqori qiziqish bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, platforma chet ellik mehmonlarni jalb etish maqsadida O‘zbekistonning o‘z mehmonxonalariga ham xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni saytga joylashtirishni taklif qilmoqda. Halalbooking ta’kidlashicha, dunyoning 140 ta davlatidan sayyohlar uning mijozlari hisoblanadi, sodiqlik dasturida esa bir milliondan ortiq kishi ishtirok etmoqda.

ℹ️ Kompaniyaga 2014-yilda Buyuk Britaniyada asli ozarbayjonlik Enver Jebi va Elnur Seidli asos solgan. «O‘z ona tilimizdan keyin o‘zbek tili biz platformamizda ko‘rishni eng ko‘p istagan til edi. Bu biz uchun shaxsiy masala», — dedi Halalbooking hammuassisi va bosh operatsion direktori Enver Jebi.