Turkmaniston olis aholi punktlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun 4,17 million dollar miqdorida grant oladi. Kelishuv 11 noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan iqlim sammitida imzolandi, deb xabar berdi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD).
«Turkmanistonning olis aholi punktlari uchun energetik oʻtishni qoʻllab-quvvatlash» nomli besh yillik loyiha Global ekologik jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu loyihani BMTning Loyihalarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi (YUNOPS) Markaziy Osiyo respublikasining energetika hamda atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Dastur doirasida umumiy quvvati 2 MVt gacha boʻlgan oʻntagacha quyosh mini-elektr stansiyasini oʻrnatish koʻzda tutilgan. Ular elektr taʼminoti asosan dizel generatorlari yordamida taʼminlanadigan olis qishloqlar uchun moʻljallangan.
Bundan tashqari, mutaxassislar yana 120 ta aholi punktida shu kabi inshootlarni barpo etish imkoniyati boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslar va texnik yechimlarni tayyorlaydi. Biroq ularni amalda qurish mazkur loyiha doirasida nazarda tutilmagan. Dasturni kengaytirish uchun qoʻshimcha moliyalashtirish talab etiladi.
Turkmanistonda quyosh energetikasini rivojlantirish masalasi bir necha yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. 2022 yili hukumat Bolqon viloyatida «Oltin Asir» koʻli hududidagi aholi maskanlarini elektr bilan taʼminlashga moʻljallangan quvvati 10 MVt boʻlgan aralash quyosh-shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirishga kirishgan edi. Dastlab inshootni 2024 yil yanvar oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi, biroq muddat choʻzilib ketdi. Joriy yilning aprel oyida Energetika vaziri oʻrinbosari Serdar Saparov stansiya ishga tushirishga tayyorlanganini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, Turkmaniston Xitoyning Power China kompaniyasining imtiyozli uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb qilgan holda 300 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasini qurish boʻyicha taklifini oʻrganmoqda. Shartnoma imzolangani va ishlar boshlangani haqida hozircha xabar berilmagan.
Ijtimoiy infratuzilmada kichik hajmdagi quyosh qurilmalaridan allaqachon foydalanilmoqda. 2026 yil iyul oyida BMTTD Mari viloyatining Yoʻloʻten shahridagi shifoxonada umumiy quvvati 30 kVt boʻlgan ikkita fotoelektrik tizimni oʻrnatishni yakunladi. Ular tibbiyot muassasasini 12 soatgacha zaxira elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega akkumulyatorlar bilan jihozlangan. Bundan oldinroq YUNISEF mazkur hududdagi Talxatanbobo qishloq tibbiyot markaziga quyosh tizimini oʻrnatgan edi.
Shu bilan birga, ulkan energetika zaxiralariga ega boʻlgan Turkmaniston aholini elektr energiyasi bilan taʼminlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda umumiy quvvati salkam 7 ming MVt boʻlgan 11 ta elektr stansiyasi ishlab turibdi. Biroq ayrim mintaqalar aholisi elektrning uzoq vaqt davomida oʻchib qolishiga muntazam duch kelmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Mari viloyati aholisi elektr energiyasi deyarli butunlay yoʻqligidan shikoyat qilgani xabar berilgan edi. «Azatliq» maʼlumotlariga koʻra, mintaqaning ayrim aholi punktlariga elektr quvvati sutkasiga oʻrtacha atigi besh soat uzatilgan. Bunday uzilishlar korxonalar, davlat muassasalari va suv taʼminoti tizimlari faoliyatini qiyinlashtirgan.



