Rossiya neftining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranziti 20 barobardan ziyod oshdi

Foto: sknews.kz saytidan

2026 yilning o‘n oyida Rossiya neftining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranziti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 barobardan ziyod oshdi. Bu haqda «QazTransOyl» milliy quvur operatori matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yanvar–oktyabr oylarida Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga 81 ming tonna neft yetkazib berildi, 2025 yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 4 ming tonnani tashkil etgan edi. Shu tariqa, tashish hajmi 77 ming tonnaga oshdi.

Shu bilan birga, joriy ko‘rsatkichlar ikki yil avvalgi darajadan sezilarli darajada pastligicha qolmoqda. 2024 yilning yanvar–oktyabr oylarida Rossiya neftining O‘zbekistonga tranziti 217 ming tonnaga yetgan edi. Shunday qilib, o‘tgan yilga nisbatan yigirma barobar o‘sish kuzatilganiga qaramay, tashish hajmi 2024 yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,7 barobar qisqargan.

Keskin o‘sish, avvalambor, taqqoslash bazasining juda past bo‘lgani bilan izohlanadi. 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida yetkazib berish deyarli amalga oshirilmagan, tranzit faqat yil oxiriga kelib qayta tiklangan edi.

2025 yil dekabrida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Qozog‘iston orqali yetkaziladigan neftni qabul qilish qayta tiklanganini e'lon qilgandi. Oy oxirigacha korxona 35 ming tonna xomashyo olishni rejalashtirgan edi.

O‘shanda zavod matbuot xizmati bozordagi qulay vaziyatda yillik ta'minot hajmi 500 ming tonnaga yetishi mumkinligini bildirgandi. Qo‘shimcha xomashyodan O‘zbekiston ichki bozori uchun benzin, dizel yoqilg‘isi, aviatsiya kerosini va moylar ishlab chiqarishni ko‘paytirishda foydalanish ko‘zda tutilgan edi.

Biroq amaldagi tashish hajmi hozircha bildirilgan salohiyatli darajadan ancha past bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, «QazTransOyl» statistikasi 2026 yilda tashilgan 81 ming tonnaning qancha qismi bevosita Farg‘ona NQIZga yetkazilganini aniqlash imkonini bermaydi.

2026 yil yanvarida Qozog‘iston Energetika vazirligi ham Qozog‘iston neftining Farg‘ona zavodiga yetkazib berilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi. Idora gap Qozog‘iston neftining eksporti emas, balki xomashyoning respublika hududi orqali tranziti haqida borayotganini tushuntirgan.

O‘zbekistondan tashqari, «QazTransOyl» Qirg‘izistonga ham neft tranzitini amalga oshirdi. 2026 yilning yanvar–oktyabr oylarida bu mamlakatga 60 ming tonna xomashyo tashildi.

ℹ️ Rossiya neftining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranziti 2017 yilda boshlangan, biroq tanaffuslar bilan olib borilgan. 2019–2022 yillarda ta'minot bo‘lmagan, 2023 yilda uning hajmi 154,3 ming tonnani, 2024 yilda esa 225 ming tonnani tashkil etgan. Ilgari «Farg‘ona» yozganidek, 2025 yil dekabrida Qozog‘iston oyiga 35 ming tonnagacha bo‘lgan reja bilan tranzit tiklanganini ma'lum qilgan edi. Bunda «QazTransOyl» hali 2024 yil yanvaridayoq yillik tashish hajmini 550 ming tonnaga yetkazishni mo‘ljallagan edi, biroq bu ko‘rsatkichga erishib bo‘lmadi.