Qozogʻistonning «Qiziljar» futbol klubi sobiq prezidenti, Qozogʻiston futbol federatsiyasi sobiq bosh kotibi David Loriyaning otasi Grigoriy Loriya davlatlararo qidiruvga berildi. U budjet mablagʻlarini talon-toroj qilish va 414 million tengedan ortiq (taxminan 924 ming dollar) soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashda gumon qilinmoqda, deya xabar beradi Qozogʻiston Moliyaviy monitoring agentligi.
Mahkama maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilda mahalliy budjetdan «Qiziljar»ni moliyalashtirish uchun 1,7 milliard tenge (taxminan 3,8 million dollar) ajratilgan. Tergov taxminicha, Loriya klub bosh hisobchisi va boshqa shaxslar bilan birgalikda pullarni shaxsiy hisob raqamlariga asossiz oʻtkazish maqsadida soxta moliyaviy hujjatlardan foydalangan.
Bundan tashqari, tergov versiyasiga asosan, gumonlanuvchilar klubning buxgalteriya va soliq hisobotlariga soxta maʼlumotlarni kiritib kelishgan. Xususan, xodimlarning daromadlari, mehnatga haq toʻlash fondi hamda tashkilotning yillik umumiy daromadi miqdori kamaytirib koʻrsatilgan.
72 yoshli Loriyaga nisbatan qidiruv ishi 7 noyabr kuni roʻyxatga olindi. Avvalroq u Shimoliy Qozogʻiston viloyati iqtisodiy tergovlar departamentiga soʻroqqa chaqirilgan, biroq kelmagan edi. Shuningdek, Loriya oʻzini sirtdan hibsga olish masalasi koʻrib chiqilgan sud majlisini ham qoldirgan.
Grigoriy Loriya «Qiziljar»ni 2014 yildan 2024 yilning martigacha boshqargan. 2024 yilning noyabridayoq Shimoliy Qozogʻiston viloyati prokuraturasi klubdagi budjet mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha tergov ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergandi. 2026 yil yanvarida «Qiziljar»ning sobiq bosh hisobchisi Olga Zamelatskaya ishonib topshirilgan mulkni oʻzlashtirish va rastrata qilish, shuningdek, soliq toʻlashdan boʻyin tovlashda aybdor deb topildi. U yetti yil-u olti oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud, shuningdek, sudlanuvchidan yetkazilgan zarar va davlat boji sifatida qariyb 367 million tenge (taxminan 819 ming dollar) undirish toʻgʻrisida qaror chiqardi. Loriyaga nisbatan ish alohida tergov qilinmoqda.
2025 yil noyabrida klub xususiylashtirildi: tadbirkor Sergey Kan yangi investor boʻldi va jamoani boshqarish uchun alohida yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazildi. Eʼtiborlisi, klubning xususiy investorga topshirilishi kutilayotgani haqida Qozogʻiston hukumati majlisida oʻsha paytda Qozogʻiston futbol federatsiyasi bosh kotibi lavozimida ishlagan David Loriya maʼlum qilgan edi.
Biroq xususiylashtirilganidan keyin ham «Qiziljar» budjetdan moliyalashtirilishda davom etdi. Shimoliy Qozogʻiston viloyati maʼmuriyati davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich kamaytirishni rejalashtirib, klub uchun 2026–2028 yillarga qariyb 5,5 milliard tenge (taxminan 12,3 million dollar) ajratdi. Xususiy investor esa oʻz navbatida jamoa rivojiga har yili kamida 1 milliard tenge (2,2 million dollar) sarmoya kiritish majburiyatini oldi. 2026 yil fevralida Qozogʻiston OAVlari klubning moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani va taʼminotchilar oldida qarzdorligi paydo boʻlgani haqida yozdi. Keyinchalik viloyat hukumati Sergey Kan yillik investitsiya miqdorini 1,5 milliard tengegacha (taxminan 3,3 million dollar) oshirishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Qidiruvdagi shaxsning oʻgʻli David Loriya 2025 yil aprelida Qozogʻiston futbol federatsiyasi bosh kotibi boʻlgan, 2026 yil iyunida esa oʻz qarorini futbol rivojiga doir tashkilot rahbariyati bilan kelishmovchiliklar borligi bilan izohlab, lavozimini tark etgandi. Oʻsha oyning oʻzida u poytaxtning «Jenis» klubi bosh direktori etib tayinlandi.



