ESET: RF FXXsiga aloqador hakerlar Qozogʻiston amaldorlari yozishmalarini oylab oʻqigan

tekkix.com saytidan olingan surat

Kiberxavfsizlik boʻyicha xalqaro ESET kompaniyasi tadqiqotchilari Qozogʻiston va Ruminiya davlat tashkilotlariga qarshi qoʻllanilgan kiberjosuslik vositalarining yangi toʻplamini aniqladi. Bu haqda kompaniya hisobotida maʼlum qilingan.

Dasturiy taʼminotga Cereal nomi berilgan. Uning vositalari buzib kirilgan tashkilot tizimida buyruqlarni sezdirmasdan bajarish, uning tuzilmasini oʻrganish va tanlangan elektron xatlarni yigʻish imkonini bergan. Dasturning oʻziga xosligi shundaki, u diskda deyarli hech qanday iz qoldirmasdan ishlaydi va oʻzini Exchange'ning qonuniy jarayonlari sifatida niqoblaydi. Shuningdek, u aniqlanishi va bloklanishi mumkin boʻlgan tashqi infratuzilmadan foydalanmaydi.

ESET maʼlumotlariga koʻra, hujumlar 2025 yil oxirida aniqlangan. Har ikkala holatda ham gʻarazgoʻylar Microsoft Exchange serverlarini buzib kirgan. Ruminiya tashkilotida dasturning tarkibiy qismlaridan biri — CerealBox NATO va Yevropa Ittifoqining rasmiy manzillarini oʻz ichiga olgan elektron pochta xatlarini toʻplashga sozlangan edi. Tadqiqotchilar bu maqsad Rossiya razvedkasining ustuvor yoʻnalishlariga mos keladi, deb hisoblaydi. Qozogʻiston tashkilotiga nisbatan ham kompaniya NATO va YIga oid yozishmalar qidirilganini bildirmoqda.«Qaysidir davlat muassasasida amaldor transmilliy harbiy alyansdagi hamkasbiga elektron xat yuboradi. [...] Kod parchasi uni sezdirmasdan tahlil qiladi, qiziqish uygʻotishi mumkin deb topadi va nusxasini saqlab qoʻyadi», — deya dasturning ishlash tamoyilini tushuntirdi ESET tadqiqotchisi Matias Porolli (Matías Porolli).

Mutaxassislar katta ehtimol bilan Cereal dasturini Snake nomi bilan ham tanilgan Rossiyaning Turla hakerlik guruhiga bogʻlamoqda, deyiladi hisobotda. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, u kamida 2004 yildan beri faoliyat yuritadi. 2022 yildan buyon uning hujumlariga uchragan mamlakatlarning qariyb 70 foizi sobiq sovet respublikalari yoki ilgari SSSR bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Yevropa davlatlaridir. Bir qator ekspertlarning baholashicha, Turla Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) bilan aloqador boʻlishi mumkin.