Turkmaniston kasalxonalari shifokorlar yetishmovchiligi sababli pensionerlarni ishga qaytarmoqda

Turkmanoboddagi shifoxona. Foto: «Xronika Turkmenistana»

Turkmanistonning Lebap viloyati ma’muriy markazi bo‘lgan Turkmanobodda tibbiyot xodimlarining keskin taqchilligi sababli shifoxona va poliklinikalar pensiyaga chiqqan shifokorlarni ishga qaytarmoqda. Bunda mutaxassislarning oylik maoshi 2000 dan 3300 manatgachani — bozor kursi bo‘yicha taxminan 110–180 dollarni tashkil etmoqda, deb xabar beradi «Xronika Turkmenistana».

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy tibbiyot muassasalari xodimlarining salmoqli qismini nafaqa yoshidagi kishilar tashkil qiladi. Shifoxona va poliklinikalar rahbariyati avval ishdan bo‘shab ketgan mutaxassislarni taklif etmoqda hamda pensiya yoshiga yetgan xodimlarni ishlashni davom ettirishga ko‘ndirmoqda.

Noyabr oyi boshidan buyon 2-sonli shahar poliklinikasida ikki nafar keksa shifokor vafot etdi. Hozircha ularning o‘rniga munosib nomzod topilgani yo‘q. Qolgan xodimlarning aksariyati allaqachon bir yarim-ikki stavkada ishlamoqda. Shu bilan birga, ish hajmining ortishi daromadlarning mutanosib ravishda o‘sishi bilan kuzatilmayapti. Ikki stavkada ishlaydigan tibbiyotchilar bir stavkada ishlaydiganlarga nisbatan bor-yo‘g‘i 30 foiz ko‘proq haq oladi.

Tibbiyot muassasalari xodimlari kasbiy majburiyatlaridan tashqari, paxta terimchilarining mehnatiga haq to‘lash, bayram tadbirlarini tashkil etish va davriy nashrlarga obuna bo‘lish uchun ham pul topshirishga majbur bo‘lmoqda.

«Xronika Turkmenistana»ning bildirishicha, kam maosh va katta ish yuklamasi tibbiyot kadrlarining chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Ixtisoslashgan oliygoh va bilim yurtlarining yosh bitiruvchilari yuqoriroq daromad izlab chet elga ketishga intilmoqda.

Turkmanobodda shifokorlar yetishmovchiligi haqida avval ham xabar berilgan edi. 2026 yil iyun oyida mintaqaviy sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot muassasalariga pensionerlarni nafaqasini saqlab qolgan holda va oyligiga 30 foizlik ustama to‘lash sharti bilan jalb qilishga ruxsat bergan.

O‘shanda jurnalistlar 2-sonli poliklinikada bor-yo‘g‘i yetti nafar shifokor va uch nafar hamshira ishlayotganini aniqlagan edi. Pediatr, nevropatolog, rentgenolog va oftalmolog allaqachon pensiya yoshiga yetgan, buning ustiga oftalmolog 80 yoshga to‘lgan bo‘lgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yillar boshida bitta oilaviy shifokor taxminan 1500 ta oilaga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda bir mutaxassisga 3500 tagacha oila to‘g‘ri kelmoqda. 3-sonli poliklinikada ixtisoslashgan shifokorlar umuman qolmagan — u yerda faqat oilaviy shifokorlar faoliyat yuritmoqda.

Pensionerlarning hammasi ham ishga qaytishga rozi bo‘lmayapti. Ayrimlari sog‘lig‘i sababli rad etsa, boshqalarini mehnat sharoitlari va yuklama qoniqtirmaydi. Iyun oyida shifokorning o‘rtacha oyligi qariyb 2000 manatni, pensiyasi esa taxminan 1400 manatni tashkil etgan. Hatto bu to‘lovlar qo‘shib to‘langanda ham, o‘sha davrdagi bozor kursi bo‘yicha daromad taxminan 170 dollarni tashkil qilgan.

Ko‘plab yosh mutaxassislar mehnat migratsiyasini afzal ko‘rmoqda. Xususan, jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, turkmanistonlik tibbiyot xodimlari Turkiyada keksalarni parvarishlovchi yordamchi sifatida ishga joylashmoqda va u yerda bir necha barobar ko‘proq maosh olishlari mumkin.

Kadrlar taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda hukumat yangi tibbiyot obyektlari qurilishini e’lon qilishda davom etmoqda. Masalan, Turkmanobodda onkologiya markazi, shu Lebap viloyatining Kerki shahrida esa ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish rejalashtirilmoqda.