Oʻzbekiston va Turkmaniston chegaraoldi hududlari aholisi uchun vizasiz safarlarni qayta tiklash masalasini muhokama qilmoqda. Qoʻshni davlatga uch sutkagacha boʻlgan muddatga borish imkonini beruvchi tartib 2013 yilda bekor qilingan edi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
Mazkur masala 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Тashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayevning Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov bilan uchrashuvida muhokama qilindi.
2004 yil 19 noyabrda Buxoroda imzolangan bitim muayyan chegaraoldi hududlari aholisiga oyiga bir marta qoʻshni davlatga uch sutkagacha vizasiz borish imkonini berar edi. 2009 yilgi oʻzgartirishlarga koʻra, bu huquqdan Oʻzbekistonning Xorazm va Buxoro viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim tumanlari aholisi foydalanishi mumkin edi. Turkmaniston hududida ular Toshhovuz va Lebap viloyatlariga bora olardi. Turkmanistonning mazkur ikki hududi aholisi uchun ham Oʻzbekistonning koʻrsatilgan hududlariga safar qilishda xuddi shunday tartib nazarda tutilgan edi.
Uchrashuvda, shuningdek, Toshkent va Ashxobod oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash, xalqaro yuk tashuvlarini soddalashtirish hamda chegara oʻtkazish punktlari faoliyatini yaxshilash masalalari ham koʻrib chiqildi. Tomonlar tegishli idoralar bilan birgalikda ushbu masalalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldilar. Vizasiz safarlar qaytarilishi va aviareyslar yoʻlga qoʻyilishining aniq muddatlari maʼlum qilinmagan.
Chegaraoldi safarlar tartibi amalda oʻn yildan ortiq vaqt oldin toʻxtab qolgan edi. 2019 yilda «Fargʻona» Turkmaniston chegaraoldi hududlari aholisi uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish 2013 yilda taqiqlanganidan soʻng, mahalliy sayyohlik firmalari mayda savdogarlarga ommaviy ravishda viza rasmiylashtira boshlagani haqida yozgan edi. Cheklovlar chegaradosh hududlar aholisining harakatlanishini, jumladan, qarindoshlarini borib koʻrishini qiyinlashtirgan edi.
Shu bilan birga, 2025 yil noyabrida Oʻzbekiston va Turkmaniston «Shovot — Toshhovuz» qoʻshma savdo zonasiga vizasiz borish boʻyicha allaqachon kelishib olgan edi. Uni 17 noyabrda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ochgan. Savdo zonasi olti gektar maydonni egallagan boʻlib, ikki davlat hududida teng taqsimlangan. Biroq bu vizasiz rejim faqat savdo majmuasi hududiga taalluqlidir.
Shu tariqa, hozirgi muzokaralar 2013 yilgacha amal qilgan kengroq safar tartibini tiklashga qaratilgan. Bu tartib chegaraoldi aholisiga nafaqat savdo zonasiga borish, balki qoʻshni tumanlarga viza rasmiylashtirmasdan uch sutkagacha safar qilish imkonini beradi.



