Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov transport-kommunikatsiya majmuasiga mas’ul Bosh vazir o‘rinbosari Botir Annayevni hamda Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Og‘axonovni lavozimidan ozod etdi. Respublika rahbarining hukumatdagi kadrlar almashinuviga oid farmonlari 13 noyabr kuni imzolangan, bu haqda «Turkmenistan segodnya» davlat axborot agentligi portalidagi xabarlarda keltiriladi.
Annayev mamlakat Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimida bir yildan kamroq vaqt ishladi. Ma’lum bo‘lishicha, uning o‘rnini bu tayinlovga qadar Turkmaniston Temir yo‘l transporti vaziri bo‘lib ishlagan Mammet Oqmammedov egalladi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Og‘axonov savdo sohasiga rahbarlik qiluvchi vazirlikni bir yildan sal ko‘proq vaqt boshqargan. Endilikda prezidentning boshqa bir farmoni bilan Do‘rtguli Sulaymonov muassasaning yangi rahbari etib tayinlandi. Mazkur mulozim ilgari «Turkmenpaxta» davlat konsernini boshqargan.
Bundan tashqari, hukumat rahbari o‘rinbosari va bir vaqtning o‘zida Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi boshqaruvi raisi No‘karquli Otaquliyev Berdimuhamedovdan «xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani, o‘zi nazorat qiladigan vazirlik va idoralar faoliyati ustidan nazoratni susaytirgani uchun» hayfsan oldi. Bundan tashqari, yig‘ilishlardan birida davlat rahbari ushbu amaldor kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etmasa, u ham o‘z lavozimidan mahrum bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
Garchi Annayev va Og‘axonov «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» degan jumla bilan ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa-da, ko‘plab manbalar davlat rahbarining mazkur qaroriga yoz oxiridan buyon kuzatilayotgan go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda.
O‘shanda mamlakatning ko‘plab hududlarida aholi mol go‘shti narxi oshishidan norozi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Lebap viloyatining Turkmanobod shahridagi bozorda hatto g‘alayon ham yuz bergandi: bir necha o‘n nafar fuqaro bozorda norozilik aksiyasi uyushtirgandi. Ular oyiga 1400 manat (qora bozor kursi bo‘yicha $73 — bu yerda va bundan keyin shu kurs bo‘yicha) atrofidagi maosh bilan bir kilogrammi 200 manatgacha ($10) ko‘tarilgan go‘shtni sotib olishga qurbi yetmayotganidan shikoyat qilgan. Oqibatda voqea joyiga yetib kelgan politsiya va Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari bir necha faolni hibsga olib, stixiyali mitingni tarqatib yubordi.
Go‘sht narxi faqat noyabr oyiga kelibgina 100–110 manatgacha ($5–6) arzonlashib, barqarorlashdi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bozordagi vaziyat Qozog‘iston va Rossiyadan mol va qo‘y go‘shti yetkazib berish hajmi oshgani tufayli o‘zgargan. Shuningdek, OAV xabarlariga ko‘ra, joylardagi mulozimlar ham sotuvchilarga agar mahsulotni «to‘g‘ri» narxda sotmasa, do‘konlarini yopib qo‘yish bilan tahdid qilib, jarayonga aralashgan.



