Kobulda biznesini toliblarga topshirishdan bosh tortgan shaxsiy klinika yopildi

8am.media fotosi.

Toliblar adliya vazirligi 14 noyabr kuni Kobulning gʻarbidagi «Xotam an-Nabiyyin» xususiy shifoxonasini muhrlab qoʻydi. Klinika egasi Muhammad Javod Mohseniyning soʻzlariga koʻra, bunga vazir Abdul Hakim Sharaʼiyning shifoxona boshqaruvini unga topshirish haqidagi talabi sabab boʻlgan. Vazir talab rad etilgan taqdirda muassasa faoliyatini toʻxtatish bilan tahdid qilgan, deb xabar bermoqda Hasht-e Subh.

Mohseniy talabni bajarishdan bosh tortganini, chunki klinikani Аdliya vaziri boshqaruviga topshirish uchun hech qanday qonuniy asos boʻlmaganini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, shifoxona ijaraga olingan binoda joylashgan hamda siyosiy partiyalarga emas, shialar jamoasiga aloqador boʻlgan. Mulkdor klinikaning yopilishini shia muassasalariga nisbatan bosimning davomi deb hisoblaydi. 15 noyabrga kelib ham vazirlik ushbu qaroriga ommaviy tarzda izoh bermadi.

Shifoxona qariyb 15 yil davomida faoliyat yuritgan. Unda, xususan, buyrak kasalliklari davolanib, urologik yordam koʻrsatilgan. Muassasa yopilgach, 50 ga yaqin xodim ishsiz qoldi, deb maʼlum qildi Amu TV telekanaliga suhbatdoshlar, ular orasida klinika shifokorlari ham bor edi.

Umuman olganda, koʻplab mamlakatlarda terrorchilik tashkiloti deb tan olingan hamda Afgʻonistonda hukmronlik qilayotgan «Tolibon» diniy harakati qoʻmondonlari oʻz xohish va istaklariga koʻra oʻzgalarning yoki davlatning mulkini bemalol tasarruf etishmoqda. Soʻnggi vaqtlarda Afgʻonistonda shia diniy jamoasi vakillaridan mol-mulk va biznesni tortib olish holatlari yanada koʻpaydi.

2026 yilning sentabr oyida hokimiyat Kobuldagi shu nomdagi xususiy universitet va uning Gʻaznadagi filiali litsenziyasini bekor qilgan edi. Oliy taʼlim vazirligi oʻquv hamda maʼmuriy qoidalarning buzilganini roʻkach qildi. Universitetga ham egalik qilgan Mohseniy bu ayblovlarni rad etib, qarorni muassislarning diniy mansubligi bilan bogʻladi. Oʻsha oyda BMT missiyasi Kobulning gʻarbida asosan shialar jamoasiga xizmat koʻrsatgan yettita muassasa yopilganini qayd etdi.

Bir kun avval Kobul universitetida mashgʻulotlar bir haftaga toʻxtatildi, toliblar tarafdorlari yigʻiniga kelgan ishtirokchilarni joylashtirish uchun esa talabalar, Hasht-e Subh maʼlumotlariga koʻra, yotoqxonadan chiqarib yuborilgan. Harakat yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda farmonlari ijrosiga bagʻishlangan uchrashuv 16 noyabrga Loya Jirgʻa zalida belgilangan. Universitetning barcha binolari tashrif buyuruvchilarni joylashtirish uchun ajratilgan.