Deputatlar O‘zbekistonning 12 yillik o‘rta ta’lim tizimiga o‘tishi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildilar

Foto: uz24.uz saytidan

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bir yillik maktabga tayyorlov bosqichini majburiy umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich bo‘g‘ini sifatida belgilovchi qonun loyihasini uch o‘qishda qabul qildi. Ushbu qaror milliy tizimni xalqaro standartlarga moslashtirishga intilish bilan izohlanadi, deb xabar beradi parlament quyi palatasi matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida.

Shu tariqa, hujjat barcha bosqichlarda tasdiqlangach, mamlakatda amaldagi 11 yillik tizim o‘rniga 12 yillik maktab ta’limi joriy etiladi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbusning ma’qullanishi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashga, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirishga hamda ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, yangi tuzilma respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga va O‘zbekistonda berilgan tayanch ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning xorijiy mamlakatlar tomonidan tan olinishi uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi.

Qonun loyihasi muhokamasida deputat Sayyora Imomova bir qator statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga, olti yoshli bolalarni qamrab olish esa 98 foizga yetgan. 2027 yilga kelib esa oxirgi ko‘rsatkich 100 foizga yetkaziladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maktabga majburiy tayyorlov faqat bolalar bog‘chalari bilan cheklanib qolmaydi. Bunday guruhlar umumta’lim muassasalarining bo‘sh sinf xonalarida, chekka hududlarda esa ijtimoiy obyektlar, jumladan, «kelajak markazlari» va boshqa muassasalar negizida tashkil etiladi.

Imomovaning oydinlik kiritishicha, 4 mingdan ortiq maktabning bo‘sh xonalarida tayyorlov guruhlari ochilgan bo‘lib, yana 191 ta ta’lim muassasasida 246 ta shunday guruhni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bunda mashg‘ulotlarni bog‘chalarda tarbiyachilar, maktablarda esa o‘qituvchilar olib boradi.

Deputatlar qonunning kuchga kirish muddatlarini ham alohida ko‘rib chiqdilar. Ular ta’lim muassasalarining yangi tizimga puxta va tizimli tayyorgarlik ko‘rishi uchun kamida olti oy muhlat talab etiladi degan xulosaga keldilar.

12 yillik o‘rta ta’limga oid qonun loyihasi Senatga yuborildi. Hujjat yuqori palata tomonidan ma’qullanganidan so‘ng davlat rahbari tomonidan imzolanishi lozim bo‘ladi.

Tegishli islohot O‘zbekistonda bir necha yildan beri muhokama qilinmoqda. Xususan, 2025 yilning sentabr oyida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov tayyorlov guruhlarini maktab tizimiga uyg‘unlashtirish orqali 12 yillik tizimga bosqichma-bosqich o‘tilishi belgilanganini ma’lum qilgan edi.

Yangi tizim quyidagi tartibda shakllantirilishi nazarda tutilgan: 1 yillik tayyorlov bosqichi, 4 yillik boshlang‘ich ta’lim, 5 yillik tayanch umumiy o‘rta ta’lim (5–9-sinflar) hamda 2 yillik umumiy o‘rta ta’lim — maktablar, litseylar, harbiy bilim yurtlari yoki texnikumlar.

Mulozimning ta’kidlashicha, ushbu yangilik bitiruvchilarga xorijiy oliygohlarga kirish uchun foundation — tayyorlov kurslarida o‘qimaslik imkonini beradi. Bundan tashqari, 12 yillik ta’limning tatbiq etilishi O‘zbekiston ta’lim tizimini YUNESKOning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtiradi.