Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi 2027-yil 1-yanvardan oshadi

newsroom24.ru saytidan olingan surat

2027-yil 1-yanvardan boshlab Moskvada chet ellik ishchilar uchun patent narxi ish beruvchining maqomiga qarab 11 ming va 15,6 ming rublgacha koʻtariladi. Soliq qonunchiligiga tegishli oʻzgartirishlar Moskva shahar dumasi deputatlari tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi TASS.

Agentlikning eslatishicha, hozirda Rossiya poytaxtida mehnat qilayotgan migrantlar uchun patent oyiga 10 ming rublni ($121) tashkil etadi. Bu ruxsatnoma hujjati oʻz kuchida qolishi uchun xorijliklar toʻlashi shart boʻlgan boʻnak (avans) toʻlovidir.

Yangi yildan eʼtiboran toʻlovlar quyidagicha oshadi:

✅ tashkilotlarda, yakka tartibdagi tadbirkorlarda yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi rossiyaliklar qoʻlida mehnat qilayotgan migrantlar uchun oyiga 11 000 rubl ($133);

✅ agar kelgan shaxs jismoniy shaxslarning shaxsiy va uy xoʻjaligi ehtiyojlari uchun ishlayotgan boʻlsa, oyiga 15 600 rubl ($189).

Bundan tashqari, ilk bor mehnat migrantlarining oʻzi va oilasini boqishi uchun zarur boʻlgan minimal daromad miqdori belgilandi. Agar oila aʼzolari soni ikki kishigacha boʻlsa, koʻrsatkich oyiga 60 ming rublni ($729) tashkil qiladi. Agar xorijlikning oilasi uch va undan ortiq kishidan iborat boʻlsa, bu miqdor 80 ming rubl ($972) etib belgilanadi.

Mosgorduma deputatlari qabul qilgan tuzatishlar poytaxtning beshta qonuniga daxldor ekanini hamda federal qonunchilikning yangi talablarini hisobga olishini qoʻshimcha qildi.

Noyabr oyi boshida «MigraForma» servisi asoschisi Gleb Rivkin «Fargʻona»ga bergan eksklyuziv intervyusida Moskvaga kelgan shaxs patent olish uchun rus tili imtihoni, tibbiy koʻrik va boshqa barcha taomillarni hisobga olganda, dastlab 35–36 ming rubl (taxminan $440) sarflashiga toʻgʻri kelishini bildirgan edi.

Biroq ekspert amaldagi narxlarni nazarda tutgan edi. Shu tariqa, 2027-yil 1-yanvardan xarajatlar yanada koʻpayadi. Toʻgʻri, bu xarajat qanchaga oshishi hozircha nomaʼlum, chunki RF poytaxtida xorijliklarga ishlash ruxsatnomalarini rasmiylashtiruvchi «Saxarovo» migratsiya markazi xizmatlari narxi oshishi haqida hozircha rasman maʼlum qilinmagan.

ℹ️ Mehnat patenti vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlarga Rossiyada ishga joylashish uchun talab etiladi. Masalan, mazkur ruxsatnomani Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston fuqarolari rasmiylashtirishi shart. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlgan davlatlar, jumladan Qirgʻiziston va Qozogʻiston vakillari bundan mustasno.

Ushbu hujjat faqat muayyan hududda va unda koʻrsatilgan faoliyat sohalaridagina amal qiladi. Patent qiymati RFning har bir subyekti tomonidan alohida belgilanadi.