1930 yillari Qozog'iston dashtlari XX asrning eng katta demografik falokatlaridan birini boshdan kechirdi. Asharshыlыk — «Ulkan ocharchilik» — turli hisob-kitoblarga ko'ra, bir yarim milliondan ikki milliongacha odamni yoki o'sha paytdagi qozoq aholisining uchdan bir qismining yostig'ini quritgandi. Tarixchilarning fikriga ko'ra, faqat 1921 yildan 1954 yilgacha bo'lgan siyosiy qatag'on yillarida Qozog'istonda yuz mingga yaqin odam sudlangan, ulardan yigirma besh mingi qatl etilgan. Mamlakat bo'ylab o'n bitta Gulag lagerlari, jumladan, Karlag va Aljir (Akmolinskiy lagerь jyon izmennikov Rodinы) – Vatan xoinlari rafiqalarining Akmola lagerlari faoliyat yuritgan. Bu mavhum tarix emas: deyarli har bir qozoq oilasining mazkur yilnomada o'z sahifasi bor.
31 may rasman Qozog'istonda siyosiy qatag'on va ocharchilik qurbonlarini xotirlash kuni hisoblanadi. 2026 yili prezident Qosim-Jomart To'qayev bu safar vatandoshlariga atigi uchta xatboshidan iborat xabar bilan murojaat qildi. Birinchi jumlada prezident «o'tgan asrning birinchi yarmidagi siyosiy qatag'on qurbonlari»ni tilga oldi — Sovet Ittifoqi yoki bu qatag'onlarni amalga oshirganlar haqida hech narsa aytmadi — va bu mavzuga qaytmadi. Ikkinchi va uchinchi xatboshilar 15 martdagi konstitutsiyaviy referendumga, «Adolat, Qonun, Vatanparvarlik, Mehnasevarlik va Tabiatni sevish tamoyillari» (barchasi bosh harf bilan yoziladi — asl nusxada shunday), fan, yuqori texnologiyalar, madaniyat va ko'ngillilikning rivojlanishiga bag'ishlangan. Murojaat quyidagi so'zlar bilan yakunlandi: «Men mamlakatimizni yorqin kelajak kutayotganiga aminman».
Prezidentning Qozog'iston xalqiga qilgan «murojaati» matnida Qozog'iston dashtlarida aynan nima sodir bo'lganligi yoki buning uchun kim tarixiy javobgar ekani haqida birorta ham raqam, birorta ham ism yoki birorta ham so'z keltirilmagan.
Keling, ushbu murojaatni avvalgi yillardagi shu kuni aytilgan so'zlar bilan taqqoslab ko'ramiz.
2025 yili To'qayev shaxsan ALJIR yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan va uzun nutq so'zlagan. «Stalin qatag'onlari jamiyatimizning eng bilimli va ilg'or qatlamini yo'q qildi», deb The Astana Times sayti prezident so'zlaridan iqtibos keltiradi. «Minglab odamlar «xalq dushmani» deb e'lon qilindi, shafqatsiz qiynoqlarga solindi va sudsiz yoki tergovsiz qatl etildi».
2025 yili To'qayev qatag'onning aniq qurbonlarini ham tilga olgandi: Alixon Bokeyxonov, Axmet Baytursinov va Saken Seyfullin. U «totalitarizmning millionlab begunoh qurbonlarining muqaddas xotirasi» haqida gapirdi va «o'sha davrdagi g'ayriinsoniy va asosini yozuvlik tashkil etgan davlat siyosatini hecham oqlab bo'lmaydi», deb gapirgandi.
2023 yili To'qayev Twitterda «totalitarizm jinoyatlari xalqimizning o'zini anglashida chuqur iz qoldirdi» va «o'tmishning dahshatli saboqlarini o'rganish har birimizning burchimiz» ekanini yozdi.
2021 yili, Oqo'rda saytida chop etilgan matnga ko'ra, u Asharshыlыkni «global miqyosdagi gumanitar falokat» va «millat genofondiga ulkan zarar yetkazgan» fojia deya atagan.
Tarixiy xotira nuqtai nazaridan ancha mazmunli va hurmatga sazovor bo'lgan avvalgi xabarlari bilan solishtirganda, 2026 yilgi murojaat yanada g'alati ko'rinadi. Bundan ham muhimi, u saytda faqat matn sifatida — yodgorlikka shaxsan tashrif buyurmasdan, marosimsiz, qurbonlarning ismlarisiz nashr etilgan. Bugungi kunda Qozog'iston prezidenti o'zini minimal ommaviy imo-ishoralar bilan chekladi.
Ushbu xotira sanasining asoschisi Nursulton Nazarboyev o'ziga ko'proq ma'lumot berishga harakat qilgandi. 2017 yili ALJIR yodgorligida so'zlagan nutqida u aniq raqamlarni keltirgandi: «103 000 kishi hibsga olingan, 25 000 kishi qatl etilgan, bir milliondan ortiq odam lagerlarga jo'natilgan» va «taxminan ikki million kishi ochlikdan o'lgan», — deya xabar bergandi Sputnik Kazaxstan. 2018 yilda Azattiq radiosi tomonidan yozib olingan nutqida u «jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan demografik yo'qotishlar» va Sovet kollektivizatsiyasi «xalqning evolyutsion rivojlanishiga xalaqit bergani» haqida gapirgan. Bu boshqacha ritorik an'ana edi — unda davlat tarixiy xotirani shunchaki bezak sifatida eslatib turish emas, balki uning qo'riqchisi rolini ham o'z zimmasiga olgandi.
Shu fonda, bir yil oldin — 2025 yilda, xuddi shu ALJIR yodgorligi oldida turgan To'qayevning o'zi aytgan iborasi diqqatni tortadi: «Siz doimo o'tmishda yashay olmaysiz. Siz o'zingizni qurbon mentalitetidan xalos qilishingiz kerak, chunki doimo orqaga qarab yashash — zaiflik belgisidir», deb uning so'zlarini Azattiq radiosi keltirgandi. O'sha paytda bu falsafiy chekinishga o'xshardi. Uning 2026 yildagi nutqi To'qayevning «xotira zaifligi» haqidagi tezisining amaliy timsoli sifatida qabul qilinadi.
Bu ritorik o'zgarishni uning geosiyosiy kontekstini hisobga olmasdan tushunish qiyin. Qozog'iston hali ham Golodomorni rasman genotsid deb tan olmagan, garchi tarixchilarning hisob-kitoblariga ko'ra, mamlakat Sovet kollektivizatsiyasi natijasida boshqa har qanday millatga qaraganda o'zining tub aholisining katta qismini yo'qotgan. 2025 yil kuzida Ostona meriyasi poytaxtdagi yodgorlik lavhasida «Golodomor» so'zini jimgina neytralroq «ocharchilik» bilan almashtirdi. Rasmiy tushuntirish — «ikki tillilikni ta'minlash» — o'zini oqlamadi: qozoqcha «asharshыlыk» so'zi ma'no jihatidan «Golodomor»ga yaqinroq. Ozodlik va «Azattiq radiolari tahlilchilari bu harakatni Ostonaning Moskvani g'azablantirmaslik istagining namoyon bo'lishi sifatida baholadilar, chunki Moskva Sovet ocharchiligini xalqlarni qirib tashlashning qasddan qilingan siyosati sifatida tan olishga qaratilgan har qanday urinishga qat'iy qarshi. 2026 yil fevralь oyida rossiyalik sharhlovchilar agar Ostona Asharshыlыk masalasini siyosiylashtirishda davom etsa, Qozog'istonga «Ukraina stsenariysi» bilan ochiqchasiga tahdid qilishgandi.
Shu nuqtai nazardan, raqamlar, ismlar yoki tarixiy xususiyatlarsiz uchta paragraf uslubiy beparvolik ham, tasodifiy ham emas. Bu hali ham nimani eslab qolish kerakligini eslaydigan, ammo endi uni qay baland ovozda e'lon qilishni bilmaydigan davlat tili.
Qosim-Jomart To'qayev alanglab qarayotgan Rossiya hukumati nafaqat mamlakatning tarixiy o'tmishini unutibgina qolmay, balki o'tmishdagi davrlar ramzlarini ham tiriltirmoqda. 2026 yil 30 may kuni — Qozog'istondagi qatag'on qurbonlarini xotirlash kuni arafasida — jurnalist Mixail Zigar Der Spiegeldagi ruknida Rossiyada 1991 yili buzib tashlangan Feliks Dzerjinskiy haykalini Lubyanka maydoniga qaytarish bo'yicha siyosiy qaror qabul qilinganini yozdi. VChK(Butunrossiya favqulodda komissiyasi-tarj.izohi) asoschisining haykali hozirda FXX (FSB) egallab turgan binoga, o'sha jazolovchi mahkamaning vorisiga qaytadi.
2026 yil 19 aprelda Tomsk rasmiylari 1992 yilda ochilgan Stalin qatag'onlari qurbonlariga bag'ishlangan «Qayg'u toshi» yodgorlik maydonini buldozer bilan buzib tashladilar. Shu bilan birga, qatag'on qilingan latviyaliklar, litvaliklar, estonlar, polyaklar va qalmiqlar uchun yodgorlik belgilari yo'qotildi. «Agentstvo» ma'lumotlariga ko'ra, bu Rossiya tarixida birinchi marta Sovet terrori qurbonlariga bag'ishlangan butun yodgorlik majmuasi — nafaqat bitta bino, balki butun hiyobon buzib tashlangandi.
Bir necha kun oldin Rossiya Oliy sudi «Memorial»ni ekstremistik tashkilot deb e'lon qildi. 1989 yilda Andrey Saxarov ishtirokida tashkil etilgan eng qadimgi Rossiya inson huquqlari tashkiloti «Memorial» Gulag qurbonlari taqdirini hujjatlashtirish, qatl etilganlar ma'lumotlar bazalarini yuritish va dafn etilgan joylarni qidirish bilan o'ttiz yil vaqt sarflagan.
Ushbu qarordan so'ng darhol Davlat Dumasi deputati Andrey Lugovoy Lubyanka maydonidagi Solovetskiy toshini — birinchi Sovet mehnat lageridan olib kelingan va 1990 yili u yerga o'rnatilgan granit toshni — va mamlakat bo'ylab 1500 dan ortiq boshqa yodgorliklarni «ekstremizm va separatizmni oqlash vositasi» emasligini tekshirishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Rossiyada Stalin haykallari soni o'sishda davom etmoqda: «Agentvo» ma'lumotlariga ko'ra, birgina 2025 yili kamida o'n uchta yangi haykal o'rnatilgan, bu mamlakatdagi yodgorliklarning umumiy sonini 110 tadan oshiradi. 2025 yili Moskva metrosida Stalinning bronzadan yasalgan haykali paydo bo'ldi.
Aynan shu nuqtai nazardan, To'qayevning sukut saqlashi qo'shimcha ma'noni kasb etadi. Qozog'iston — Sovet genotsidi davrida o'z aholisining uchdan bir qismini yo'qotgan mamlakat sifatida bugun tarixiy xotirani metodik ravishda o'chirib tashlayotgan davlatga nisbatan geosiyosiy ehtiyotkorlik bilan muvozanat ushlashga majbur.
-
26 may26.05«Suv diplomatiyasi»ning badaliBMT Emomali Rahmonga faxriy yorliq topshirayotgan bir paytda, Amudaryo sayozlashda davom etmoqda... -
05 mart05.03Chilonzor va qadamjolar kuychisiToshkentlik taniqli fotojurnalist, «Farg‘ona» axborot agentligi maxsus muxbiri Andrey Kudryashov olamdan o‘tdi -
04 mart04.03Dyurand chizig‘idagi dahshatli voqealarPokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ochiqchasiga urush global xavfsizlikka tahdid solishi mumkin -
01 mart01.03Oyatulloh Ali Xomanaiy oʻlimiAQSh va Isroil oyatulloh hukumatini kuch bilan agʻdarish niyatida Eronga hujum qilishdi -
25 fevral25.02Toliblar qullik va zulmga qonuniy tus berdilarAfg‘onistonning yangi jinoyat-protsessual kodeksi odamlarni sinflarga ajratadi va insonni sudsiz o‘ldirishga izn beradi -
16 fevral16.02Olovli, qizil va go‘zalQanday qilib ot xitoyliklar tavimida bebaho hayvonga aylangani haqida



