Qozog‘istonning sobiq Bosh prokurori Qayrat Kojamjarovga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilish va jinoiy yo‘l bilan olingan pullarni legallashtirish moddalari bo‘yicha tergov boshlandi. Bu haqda respublika Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘jamjarov bu jinoyatlarni «rahbarlik lavozimlarida ishlagan turli davrlarida» sodir etgan bo‘lishi mumkin. Mahkama bayonotida Qo‘jamjarov Iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurash agentligining (moliyaviy politsiya) sobiq raisi sifatida ko‘rsatilgan. U bu lavozimda 2008-2012 yillarda ishlagan. 2013—2014 yillarda Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi kotibi, 2017—2019 yillarda Bosh prokuror, keyin esa parlament Senati (yuqori palatasi) a’zosi bo‘lgan.
Kojamjarov — Nursulton Nazarboyev davrida eng nufuzli xavfsizlik xodimlaridan biri bo‘lgan. So‘nggi oylarda ushbu xavfsizlik xodimining yaqin atrofidagi ko‘plab odamlar tergov ostida. Shu tariqa, iyul oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosining sobiq rahbari Talgat Tatubayev hibsga olingan. Unga Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 146-moddasi 2-qismi («Shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala, qiynoqlar») bilan ayblangan.
O‘tgan yozda ham Kojamjarovning yana bir sherigi, Qozog‘iston maxsus prokurorlari xizmatining sobiq rahbari Olesya Keksel qiynoqlar qo‘llash bo‘yicha ishda gumonlanuvchi sifatida tan olingan edi. Unga nisbatan ushbu modda bo‘yicha birinchi ish yopilgan, ammo keyin ikkinchi marta ochilgan.
Bundan tashqari, Qo‘jamjarovning sobiq qo‘l ostidagi xodimi, sobiq transport bosh prokurori Maqsat Duseynov qidiruvga berilgan. U mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish, jinoiy yo‘l bilan olingan pul va mulkni legallashtirishda gumon qilinmoqda.
Qozog‘istonning «Vremya» gazetasi 3 sentyabrdagi maqolasida Maksat Duseinov ham, Qayrat Kojamjarov ham Qozog‘istondan tashqarida, deb yozgan edi. Ikkinchisi, nashrning yozishicha, Rossiya pasportini olish uchun ariza bergan.