Pussy Riot a’zosi Turkmaniston iltimosiga binoan Polshada hibsga olindi

Aysoltan Niyozova. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Polsha chegarachilari Turkmaniston nomidan Interpol so‘rovi bilan Pussy Riot badiiy guruhi a’zosi, Rossiya fuqarosi Aysoltan Niyozovani qo‘lga oldi. Bu haqda «Gundogar» xabar berdi.

Asli ashxobodlik Aysoltan Niyozova 1995 yili Rossiyaga ko‘chib kelgan va hech qachon Turkmaniston fuqaroligiga ega bo‘lmagan. 2000 yillar boshida Niyozova Turkmaniston Markaziy bankidan 41 million dollar o‘g‘irlash bo‘yicha ishda ayblanuvchiga aylangan. Turkmaniston rasmiylariga ko‘ra, Niyozova Moskva Indeks banki direktorlar kengashi raisi bo‘la turib Germaniyaning Deutsche Banki orqali mablag‘larni olib chiqish va qonuniylashtirishda ishtirok etgan.

2011 yili Shveysariya hukumati Niyozovani hibsga olib, Moskvaga ekstraditsiya qilgan. Rossiya sudi uni aybdor deb topgan va olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Ozodlikka chiqqanidan so‘ng Niyozova Rossiya Federatsiyasida yashashni davom ettirgan va Rossiya Ukrainada maxsus harbiy operatsiya (MHO) o‘tkazilishi e’lon qilinganidan so‘ng Yevropaga jo‘nab ketgan.

Niyozova Pussy Riot a’zolaridan biri Mariya Alyoxina bilan tergov izolatorida tanishgan. Qamoqdan chiqqanidan keyin u Pussy Riot bilan norozilik namoyishlarida qatnasha boshlagan.

2022 yili Niyozovani Sloveniya va Xorvatiyada qo‘lga olingan. Barcha hibsga olishlar Ashxobod tashabbusi bilan Interpolning qizil xabarnomalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Sloveniyada Niyozova 10 soatdan keyin qo‘yib yuborilgan, Xorvatiyada u ikki kun tergov izolatorida bo‘lgan, shundan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Polsha rasmiylari unga nisbatan qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi hozircha noma’lum.

Avvalroq Niyozovaning advokatlari uning jazo muddatini o‘tab bo‘lganini va Turkmaniston fuqarosi emasligini ta’kidlab, qidiruvdagilar ro‘yxatidan olib tashlash uchun Interpolga murojaat qilishgan. Biroq Xalqaro Jinoiy Politsiya Tashkiloti Ashxobod iltimosini kuchda qoldirgan.