To‘qayev bir palatali parlamentga o‘tish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi

Oqo‘rda sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev respublikada ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tish uchun parlament islohotini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u Qozog‘iston xalqiga yillik murojaatida aytib o‘tdi.

«Bugun men yaqin kelajakda mamlakatimizda bir palatali parlament yaratish taklifini kiritaman. Darhol ogohlantirmoqchimanki, bu juda jiddiy masala, uni hal qilishda shoshqaloqlik qilish mutlaqo o‘rinsiz. Bu islohot fuqarolik sektorida, ekspertlar hamjamiyatida, albatta, joriy parlamentda ham atroflicha muhokama qilinadigan mavzu bo‘lishi kerak. O‘ylanmanki, muhokamalar kamida bir yil vaqt olishi mumkin, shundan so‘ng 2027 yili umumxalq referendumi o‘tkazilishi, keyin esa Konstitutsiyaga zarur o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin», — deya prezident so‘zlarini keltiradi Oqo‘rda.

Uning fikricha, islohot ma’qullansa, bunday parlamentga partiya ro‘yxati bilan saylanishi kerak.

Qozog‘istonda hozirda aralash saylov tizimi amal qilmoqda: Majilis (parlament quyi palatasi) deputatlari partiya ro‘yxati va bir mandatli saylov okruglari orqali saylanadi. Senat (yuqori palata) deputatlari qisman prezident tomonidan saylanadi va qisman tayinlanadi.

To‘qayevning eslatishicha, unig o‘zi avvallari Senat raisi bo‘lgan (agar islohot ma’qullansa, u qichqartiriladi – tahr. izohi) va unga bunday o‘zgarishlar haqida gapirish oson emas. «Senat Qozog‘iston parlamentining oliy palatasi sifatida 1995 yili davlat asoslarini yaratishning mashaqqatli yo‘lini endigina boshlagan mamlakatimizda ancha og‘ir, beqaror siyosiy sharoitda tashkil etilgan. O‘tgan o‘ttiz yil davomida Senat davlat qurilishi barqarorligini ta’minlashdek muhim tarixiy missiyani sharafli va samarali bajardi», — dedi u.

Hozirda Senat spikeri prezidentdan keyingi ikkinchi shaxs bo‘lib, davlat rahbari o‘z vakolatlarini amalga oshira olmasa, vazifalar parlament yuqori palatasi rahbariga o‘tadi. 2019 yili prezident Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan so‘ng davlat rahbarining vakolatlari shu tariqa To‘qayevga o‘tgandi. Hozirda Senat raisi Maulen Ashimbayev hisoblanadi.