Bloomberg: Yevropa Ittifoqi Qozog‘istonga qarshi sanksiyalarni qo‘llash imkoniyatini o‘rganmoqda

freepik.com sayti fotosurati

Yevropa Ittifoqi ilk bor Qozog‘istonga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya yozadi Bloomberg o‘z manbalariga tayangan holda.

Nashrga ko‘ra, sanksiyalar qo‘llanilgan chog‘da Ostonaga ma’lum jihozlarni import qilish taqiqlanadi, zero Yevropa mulozimlarining fikricha, ularning katta qismi Rossiyaga yo‘naltirilmoqda, u yerda esa qurol-yarog‘ ishlab chiqishda ishlatilmoqda.

Qaror hali qabul qilinmagan, agentlik suhbatdoshlari ta’kidlashicha, buning uchun dalillar va Yevropa Ittifoqining barcha a’zolari uni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar hozirda muhokama qilinayotgan Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 19-chi paketining bir qismi bo‘lishi mumkin. Yangi paket, shuningdek, Rossiya banklari va neft kompaniyalariga qarshi cheklovlarni kuchaytirishni, «yashirin» flot tankerlarini sug‘urtalashni taqiqlashni, uchinchi davlatlar neft savdogarlariga qarshi sanksiyalarni va Rossiya harbiy sanoatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yangi eksport tovarlarini taqiqlashni o‘z ichiga oladi.

Ilgari Qozog‘iston kompaniyalari Yevropa Ittifoqi va AQSHning sanksiyalarida bo‘lgan, ammo butun mamlakatga qarshi ikkilamchi sanksiyalar birinchi marta muhokama qilinmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi maxsus harbiy operatsiya amaliyotini boshlagandan so‘ng Qozog‘iston Qo‘shma Shtatlar va Yevropa davlatlarining Moskvaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamadi. Shu bilan birga, Ostona bir necha bor kiritilgan sanksiyaviy rejimga amal qilayotganini va Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yordam bermayotganini ta’kidlagandi.