BAZA: Toliblar rus etnografi Svyatoslav Kaverinni ozod qilishdi

Svyatoslav Kaverin. @swatslav Telegram-kanali fotosurati

Afg‘onistonda bir yarim oy oldin hibsga olingan rossiyalik etnograf Svyatoslav Kaverin qo‘yib yuborildi va hozirda u Rossiyaga yo‘l olgan. Bu haqda BAZA Telegram-kanaliga xabardor ikki manba ma’lum qilgan.

Kaverin 19 iyul kuni Qunduz viloyatida esdalik sifatida olib yurgan zargarlik buyumlarini noqonuniy olib o‘tishda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Afg‘onistondagi Rossiya biznes markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga «hamrohlik qilayotgan shaxslar malakasi masalasi» sabab bo‘lgan: ehtimol, mahalliy hukumat Kaveringa hamrohlik qilayotganlarni shubhali deb hisoblagan. Shu bilan birga, toliblar* etnograf hibsga olinganini rasman tan olmagan va rossiyalik diplomatlarga uning qayerdaligi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytishgan. BAZA xabariga ko‘ra, Kaverinni Kobuldagi xorijliklarni saqlash markazida ushlab turishgan.

Uning ozod etilishiga kim yordam bergani haqida ma’lumot yo‘q. Etnografning onasi Tatyana Kaverina avgust oyi oxirida Tatariston rahbari Rustam Minnixanovga o‘g‘lini ozod qilishda yordam berishni so‘rab murojaat qilgandi. Kaverinaning aytishicha, uning Tatariston rahbariga murojaat qilganiga sabab, ushbu respublika Rossiya Federatsiyasining Afg‘onistondagi yangi hokimiyat —«Tolibon»* harakati bilan aloqa o‘rnatgan birinchi subyekt bo‘lganligidadir. Bungacha Kaverina Afg‘onistonning Rossiyadagi elchixonasi va Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan.

Svyatoslav Kaverin — rus etnologi va Hindukush xalqlari madaniyati tadqiqotchisi, Sharqiy Afg‘oniston va Shimoliy Pokiston mintaqalari bo‘yicha mutaxassis. Uning tadqiqotlari Hindukushning borish qiyin bo‘lgan hududlariga dala ekspeditsiyalarini o‘z ichiga oladi, u yerdagi kichik xalqlarning o‘ziga xos an’analari, tili, liboslari va etnik o‘ziga xosligini o‘rgangan.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.