Qozog‘iston Afg‘onistonda ikki yil ichida temir yo‘l qurishni rejalashtirmoqda

railways.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston yaqin ikki yil ichida Afg‘onistonda Turg‘undi – Hirot temir yo‘lini qurishni rejalashtirgan. Bu haqda 9 sentyabr kuni hukumat yig‘ilishida Transport vaziri o‘rinbosari Maqsat Kaliakparov ma’lum qildi, deb yozadi Vlast.kz.

Marshrut uzunligi 120 kilometrni tashkil qiladi. «Bugungi kunda moliyalashtirish tuzilmasi ishlab chiqildi, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», —-dedi Kaliakparov va loyiha 2026-227 yillari amalga oshirilishi ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qildi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘l Afg‘onistonga Pokiston va Hindiston bozorlariga chiqish istiqboli bilan tovarlarni eksport qilish va tranzit qilish imkonini beradi. Avvalroq Qozog‘iston Hirotda ushbu loyihani ilgari surish bilan shug‘ullanadigan transport-logistika kompaniyasini tashkil etish niyatida ekani xabar qilingan edi.

Qozog‘iston hukumati temir yo‘l qurilishiga qancha sarmoya kiritilishini hozircha aytmagan, biroq Afg‘oniston hukumati o‘tgan yil bahorida Ostona loyihaga 500 million dollar sarmoya kiritishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Qozog‘iston temir yo‘l bo‘ylab optik tolali kabel yotqizishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi. Bu transport yo‘lagi bo‘ylab raqamli infratuzilmani rivojlantirishni, kommunikatsiyalarni, poyezdlar xavfsizligini, jumladan, ularni boshqarishni ta’minlaydi va kelgusida aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash imkoniyatlarini ochadi.