Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati Qosim-Jomart To‘qayevning janjallar keltirib chiqaradigan va yomon so‘zlar ishlatib, mamlakat obro‘siga zarar keltirayotgan ayollar haqidagi so‘zlariga oydinlik kiritdi. Bu so‘zlar davlat rahbarining Murojaatnomasida tilga olindi va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Oqo‘rda sharhini Tengrinews.kz nashr qildi. Unda aytilishicha, prezident murojaatini e’lon qilar ekan, fuqarolarni har qanday qonunbuzarlik holatlariga «nol bardoshlik» ko‘rsatishga chaqirgan.
«Shu bilan birga, davlat rahbari «afsuski, ular (jamoat tartibini buzayotganlar) orasida ayollar ham borligini ta’kidladi. Ba’zilar buni haqorat sifatida qabul qilishdi, ammo buning ma’nosi butunlay boshqacha. Zero, qadimdan go‘zallik, nafislik va uyg‘unlik timsoli bo‘lib kelgan ayollar janjallarga aralasha boshlagan bo‘lsalar, demak, xulq-atvor madaniyati inqirozi chinakam jiddiy tus olgan», — deya tushuntiradi Oqo‘rda.
Matbuot xizmati bu ta’na emas, balki jinsi, yoshi va kelib chiqishidan qat’i nazar, barchani «qo‘pollik va tajovuzkorlikdan voz kechgan holda jamiyatimizga odobli muloqot madaniyatini qaytarishga» da’vat ekanini ta’kidladi.
«Yo‘llarda, navbatlarda, vokzal va samolyotlarda va boshqa joylarda tez-tez uchrayotgan insonlarning bir-biriga hurmatsizlik holatlari mentalitetimizning bir qismiga aylanmasligi kerak. Shuning uchun aytilayotgan so‘zlarning mazmun-mohiyati odob-axloq, munosabatlar madaniyatini shakllantirish, xushmuomalalik va o‘zaro hurmat hissini namoyon etishdan iborat bo‘lmog‘i lozim», — deya xulosa qiladi Oqo‘rda va erkaklar tomonidan ayollarga nisbatan qo‘pollik va provokatsiyalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaslik lozimligini qo‘shimcha qiladi.
Shu o‘rinda, Prezident xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga hamisha e’tibor qaratayotgani eslatiladi. Uning tashabbusi bilan partiya ro‘yxatida va deputatlik mandatlarini taqsimlashda ayollar kvotasi belgilandi, ayollarga nisbatan mehnatga oid kamsitilishlarga barham berildi, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa to‘lash muddati bir yarim yilgacha uzaytirildi, oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun qabul qilindi, stalking va nikohga majburlash holatlariga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etildi.