Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlarini paxta terimiga majburladi

business.com.tm sayti fotosurati

Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat boshqarmalariga shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborgan. Plantatsiyalarga borishni istamaganlarga an’anaga ko‘ra, yollanma terimchilar mehnati uchun o‘z cho‘ntaklaridan pul to‘lash taklif etilgan, deb yozadi «Xronika Turkmenistana» nashri.

Jurnalistlarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligidan «buyruq qog‘ozlari» mamlakat viloyatlariga 8 sentyabr kuni yetib borgan, biroq Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov paxta terimini 10-chi kundan boshlash haqida buyruq bergan bo‘lsada.

Lebap viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining aniqlik kiritishicha, viloyat shifoxonalari va poliklinikalari shifokorlari, hamshiralar, tibbiyot xodimlari va texnik xodimlari uchun paxta kvotasi belgilangan. Davlat sektori xodimlari kuniga 45 kilogramm «oq oltin» terishlari shart.

Turkmanoboddagi bir qancha tibbiyot muassasalari xodimlari tungi smenadan keyin ham paxta terimiga chiqishga majbur bo‘layotganidan shikoyat qilishgan. Biroq, muqobil variant bor – ularning o‘rniga boshqa shaxsni terimga yuborish, unga kuniga 50 manat (rasmiy kurs bo‘yicha 14 dollar va qora bozor kursi bo‘yicha 2,5 dollar) to‘lash.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorining aytishicha, har yili terim mavsumida shifokorlar ish haqining 2/3 qismini yollanma paxtachilar xizmatiga sarflaydi, chunki har bir mutaxassis dam olish kunlari yoki smenadan keyin dalaga chiqa olmaydi.

Nashrning ta’kidlashicha, shifoxona va poliklinikada paxta terimiga ketgan shifokorlar va boshqa ishchilar o‘rniga pensiya yoshidagilar yoki pensionerlar ishlashadi.

Bu yil nafaqat Sog‘liqni saqlash vazirligi «oldindan ish boshlagan». Respublika viloyatlari rahbarlari ham prezidentning rasmiy bayonotini kutmay, avgust oyining o‘rtalarida paxta terimiga kirishgan. Bunday harakatlar Turkmaniston Mustaqillik kuni nishonlanadigan 27 sentyabrgacha mamlakat oliy rahbariyatini xursand qilish va hosil haqida hisobot berish istagi bilan bog‘liq.

Darvoqe, avgust oyi boshidan mutasaddilar paxta terimiga jalb qilish uchun budjet sohasi xodimlaridan pul yig‘ishni boshlagani ma’lum. Xususan, Lebap va Mari viloyatlaridagi o‘qituvchilar, shifokorlar va davlat korxonalari xodimlaridan bunga oid shikoyatlar kelib tushmoqda.