Toliblar Afg‘onistonning olti viloyatida internetga kirishni chekladi

wikimedia.org saytidagi toliblarga qadar davrga oid arxiv fotosurat

Afg‘onistonni boshqarayotgan toliblar* olti viloyatda internetga kirishni cheklab qo‘ydi va Afghan Telecom davlat kompaniyasining optik tolali tarmog‘ini uzib qo‘ydi. Bu haqda Amu.tv xabar berdi.

Cheklovlar Balx, Qandahor, Hilmand, Hirot, Uruzgon va Nimroz viloyatlariga tegishli bo‘ldi. Hirotda optik tolali tarmoqni kengaytirish bo‘yicha ishlar taxminan ikki hafta oldin to‘xtatilgan edi. Hozirda tarmoq hukumat binolari va turar-joy binolarida ishlamoqda, biroq toliblar yaqin kelajakda uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Cheklovlar aholi orasida xavotir uyg‘otdi, chunki ular aloqa, davlat xizmatlaridan foydalanish va tilga olingan hududlardagi onlayn faoliyatga ta’sir qilmoqda.

Balx viloyati gubernatori matbuot kotibining aniqlik kiritishicha, taqiq «Tolibon»* yetakchisi Xaybatulloh Oxundzodaning buyrug‘i bilan «axloqsiz faoliyat oldini olish uchun» kiritilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mulozimlar rasmiy foydalanish uchun muqobil ichki tarmoq yaratish masalasini ko‘rib chiqishmoqda.

Toliblar faqat optik tolali internetga kirish cheklanganini da’vo qilsa-da, Mozori Sharif aholisi Afghan Telecom va boshqa kabel internet provayderlari to‘liq yopilgani va faqat mobil internet qolayotgani haqida xabar beradi. Amu.tv manbalariga ko‘ra, bu holat onlayn xizmatlar, bank, masofaviy ta’lim va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Afg‘oniston besh qo‘shni davlat bilan optik tolali liniyalar orqali ulangan. Avvalgi hukumat ushbu tarmoqni rivojlantirish uchun qariyb 150 million dollar sarmoya kiritgan.

Huquq himoyachilari va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar internetga kirishni cheklash mamlakatni yanada yakkalanib qolishi, iqtisodni yomonlashtirishi va aholini ta’lim va axborotdan mahrum qilishi mumkinligidan ogohlantiradi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.