Qozog‘iston senatorlari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) Bojxona kodeksi to‘g‘risidagi shartnomaga qozog‘istonliklar tomonidan tashqi marketpleyslarda xarid qilingan tovarlarga majburiy boj to‘lovini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ratifikatsiya qildi, deb yozadi Tengrinews.kz.
Hujjatda «elektron tijorat operatori» va «elektron tijorat orqali xarid qilinadigan tovarlar» tushunchalari kiritilgan. Endi qozog‘istonliklar onlayn xarid qilingan va bojxonadan o‘tayotgan barcha tovarlarini deklaratsiyalashlari talab etiladi. Ushbu tovarlar elektron bojxona deklaratsiyasidan foydalangan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilishi mumkin.
Senator Serik Uteshov tushuntirishicha, xorijdan xaridlar hozirda shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovarlar hisoblanadi va ular ma’lum chegaralardan oshib ketgan taqdirdagina deklaratsiya qilinadi (maksimal qiymati 200 yevro (127 300 tenge) va vazni 31 kilogramm). O‘zgartirishlar ratifikatsiya qilingandan so‘ng, ishonchli statistik ma’lumotlarni to‘plash imkonini beruvchi onlayn savdoning butun hajmi hisobga olinadi.
Milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Azamat Amrin, o‘z navbatida, xaridorlar tovarlarni o‘zlari deklaratsiyalashi yoki «Kazpochtea», DHL yoki boshqa kompaniya operatorlariga topshirishlari mumkinligini ta’kidlaydi. «Kompaniya deklaratsiyani to‘ldirsa, xizmat haqi 4000 dan 5000 tengegacha turadi. Shunga ko‘ra, mahsulot narxi shu summaga oshadi», — dedi rasmiy.
Soliq tizimi ham o‘zgaradi: hozirda jami to‘lov 15 foiz bo‘lsa, endi boj 5 foizni, plyus QQS 12 foizni (keyingi yildan boshlab 16 foiz — tahr.izohi) tashkil etadi.
«5 plyus 12, bu —17 foiz. Ya’ni, xarajat 15 foizdan 2 foizgacha biroz oshadi. Deklaratsiyani to‘ldirish narxi shaxsning o‘ziga bog‘liq. Agar iloji bo‘lsa, o‘zi to‘ldirsin; deklaratsiya juda oddiy», — deya qo‘shimcha qildi Amrin.
Protokol Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Armaniston tomonidan allaqachon ratifikatsiya qilingan. U YEOIIga a’zo barcha davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

