Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev Qozog‘istonda yagona vaqt mintaqasiga o‘tishning ijobiy oqibatlarini kutishga chaqirdi, deb yozadi NUR.kz.
Jurnalistlar Oqo‘rda mulozimi bilan suhbatda yana shu masalani ko‘tardilar. «Biz masalani allaqachon yopganingizni tushunamiz, lekin vaqt o‘tishi bilan noto‘g‘ri qaror qabul qilganingiz va uni o‘zgartirish kerakligini, chunki hozirda kechki soat to‘rt-beshda [mamlakat sharqida] allaqachon qorong‘i tushayotgani va odamlar og‘ir ahvolda ekanini ko‘rmayapsizmi?» – deb so‘radilar.
Arman Shakqaliyev bunga javoban soat mintaqasini o‘zgartirish masalasi atroflicha muhokama qilingani va yakuniy qaror qabul qilinganini aytdi.
«Bugungi kunga kelib, shaxsan men buni noto‘g‘ri qaror deb ayta olmayman. Men allaqachon o‘z fikrimni bildirganman, uni tegishli ilmiy va iqtisodiy ma’lumotlar bilan asoslaganman va bu qaror, aksincha, to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilinganiga ishonaman va kelajakda bu qarorning ko‘plab ijobiy oqibatlarini ko‘ramiz», — dedi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, asosiy samaralardan biri vaqtdan oqilona foydalanilayotgani va salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani bo‘lgan.
«Insonning ertalabki vaqtdan unumli foydalanadigan «tayming» degan tushuncha bor. Ko‘pchilik, ayniqsa Sharqiy Qozog‘istonda ish vaqtini o‘zgartirishga urinishyapti. Ular o‘z oilalariga ko‘proq vaqt ajrata boshladilar», — dedi vazir.
Qozog‘iston o‘tgan yilning 1 martidan rasman yagona vaqt mintaqasiga o‘tgan. Ilgari mamlakatda ikkita vaqt mintaqasi mavjud edi, ulardan faqat bittasi — UTC+5 saqlab qolingan, garchi hududining katta qismi qo‘shni vaqt zonasida bo‘lsa ham. Bunday qaror aholiga g‘amxo‘rlik qilish bilan izohlangan, biroq ko‘plab qozog‘istonliklar o‘zgarishlardan noroziligicha qolishgan. Ular mazkur qarorni bekor qilish uchun petitsiyaga o‘n minglab imzo to‘plashdi va hukumatni sudga berishdi, ammo natija bo‘lmadi.
Shikoyatlar, ayniqsa, ish va o‘quv kunining o‘rtasida quyosh botayotgan Sharqiy Qozog‘iston viloyati (SHQV) aholisidan ko‘p bo‘lgan. O‘tgan yil bahorida viloyat yangi vaqt zonasiga moslashgani sababli, SHQVdagi barcha tumanlar— ertalabki 8:00 dan 17:30 gacha ish vaqtiga o‘tgani xabar qilingan edi. Viloyat mana shunday yangi vaqt mintaqasiga moslashgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

