Qozog‘istonda onlayn firibgarlik va giyohvand moddalar savdosidan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi «RAKS exchange» kriptovalyuta xizmati tugatildi, deb xabar beradi Moliyaviy monitoring agentligi matbuot xizmati.
Xabarda kripto xizmati «MDHdagi eng yirik» deb ta’riflangan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, u 5 milliondan ortiq foydalanuvchi auditoriyasiga ega bo‘lgan 20 ta yirik «Darknet»-marketlari bilan hamkorlik qilgan.
Oxirgi uch yil ichida kriptoservis MDH davlatlari — Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina va Moldovadagi 200 dan narkoshoplarning jinoiy daromadlarini yuvgan.
Kripto almashinuvchining umumiy aylanmasi 224 million dollardan oshgan.
Hozirda uning faoliyati butunlay yopilgan: uning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari o‘chirilgan, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilgan va Darknet forumlarida narkoshoplarning moliyaviy majburiyatlar bajarilmayotgani haqidagi ko‘plab shikoyatlari qayd etildi, deya ta’kidlaydi agentlik.
Agentlik xizmat tashkilotchilarini fosh qilish ustida ishlamoqda.
Shu oy boshida Moliyaviy monitoring agentligi raisi Janat Elimanov prezident Qosim-Jomart To‘qayevga MDHning eng yirik kriptobirjasi tugatilgani haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra, natijada 9,7 million dollarlik virtual aktivlar muzlatilgan.
Hozirda Qozog‘istonda kriptovalyuta operatsiyalari faqat Ostona xalqaro moliya markazi doirasida faoliyat yurituvchi kriptobirjalarda qonuniy ravishda amalga oshirilishi mumkin. U yerda bir nechta kripto xizmatlari, jumladan Binance mahalliy filiali va Bybit birjasi ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yil boshida To‘qayev ekspert ma’lumotlariga tayanib, Qozog‘iston kripto-investorlarining atigi 5 foizi Markaz platformasidan foydalanayotgani, qolganlari esa «yashirin» zonada ishlayotganini ta’kidlagandi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

