Qozog‘istondagi ommaviy axborot vositalari toki qonunni buzmas ekan, Madaniyat va axborot vazirligi ularning huquqlarini himoya qila olishini tushunishi kerak. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva o‘zining Facebook (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq)dagi sahifasida yozgan. U shu tarzda KazTAG va Orda.kz rahbariyatiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar haqida o‘z fikrini bildirdi.
Balayevaning so‘zlariga ko‘ra, subyektlar o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy tus olganda, hukumat aralashuvi sudga bosim sifatida talqin qilinishi mumkin. Shu bilan birga, Madaniyat va axborot vazirligi jurnalistlarga qarshi ma’muriy yoki jinoiy ishlar iloji boricha shaffof va xolis ko‘rib chiqilishini talab qiladi.
«Biz uchun mamlakatda so‘z erkinligiga hurmat ko‘rsatilishi va barcha ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatuvchilar qonun doirasida ishlashi juda muhim», – dedi vazir.
ORDA.kz bosh muharriri Gulnora Bajkenovaga nisbatan tergov ishlari dekabr oyi boshida e’lon qilingan edi. U «bir necha bor qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatishda» ayblanmoqda. Sud qarori bilan Bajkenova ikki oyga uy qamog‘iga olingan.
Kuni-kecha Qozog‘iston telegraf agentligi (KazTAG) bosh direktori Aset Matayev va bosh muharrir Amir Kassenovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ular Freedom Finance kompaniyasi tomonidan berilgan shikoyat asosida gumondor deb topilgan. Ayblovlar agentlikning kompaniya rahbariyati firibgarlik sxemalari haqidagi nashrlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
KazTAG jinoiy ish «qo‘rqitish maqsadida» qo‘zg‘atilgan deb hisoblaydi. Tahririyatga ko‘ra, bu ishga prezident administratsiyasi a’zolari va «eski Qozog‘iston» vakillari aloqador.



