ORDA.kz bosh muharririning himoyachisi advokatlik litsenziyasidan mahrum qilindi

kaztag.kz sayti fotosurati

Olmaota shahrining Bostandiq tuman sudi yolg‘on ma'lumotlarni tarqatishda ayblanayotgan ORDA.kz. bosh muharriri Gulnora Bajkenovaning himoyachisi Murat Adamni advokatlik litsenziyasidan mahrum qildi, deb xabar beradi ORDA.kz.

Da'vo arizasi Adliya vazirligi tomonidan berilgan. Vazirlik uning litsenziyasini Ichki ishlar vazirligining iltimosnomasi asosida bekor qilishni so‘ragan, IIV esa o‘z navbatida Murat Adam ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Bajkenova ishi bo‘yicha tergovga oid yolg‘on ma'lumotlarni tarqatganini da'vo qilgan.

Tomonlar dalillarini ko‘rib chiqqandan so‘ng, sud da'volarni asosli deb topgan va ularni qondirgan. Murat Adam va uning himoya guruhi hukmga mutlaqo qo‘shilmasligini bildirdi.

Vlastь.kz xabariga ko‘ra, da'vo arizasi ijtimoiy tarmoqlardagi 16 ta postga asoslangan. Bu postlarda advokatning ishga kirish huquqidan mahrum qilinishi, mijozining noqonuniy uy qamog‘iga olinishi, qiynoqqa solinishi, advokat ishtirokisiz imzo chekishga majburlanishi va Bajkenovaning ofisda noqonuniy hibsga olinishi, shuningdek, tergov sudlari tomonidan nazorat yo‘qligiga oid ma'lumotlar bo‘lgan. Bularga Adam mualliflik qilmagan deb da'vo qilgan nashrlar ham kiritilgan.

O‘z postlaridan birida Adam ORDA.kz tahririyati va Gulnora Bajkenova kvartirasida olib borilgan tintuvlar paytida uni tergov harakatlariga kiritishmaganini aytgan. Vazirlik uni yolg‘on ma'lumot joylashtirgan deyo hisoblagan, chunki u o‘sha paytda himoyachi sifatida ishtirok etishi haqida xabar bermagan va sud jarayonida ishtirok etmagan. Biroq, Adam sud majlisida tahririyatga kerakli xabarnoma bilan kelganini aytgan. Buni Olmaota shahar advokatlar assotsiatsiyasining guvohi ham tasdiqlagan.

Boshqa postda da'vogarlar tergovchilarga nisbatan munosabatni noo‘rin deb hisoblashgan. Bu Adamning postiga tegishli bo‘lib, unda tintuv kuni «u yerda, deyish mumkinki, o‘zlarini tanishtirishdan bosh tortgan ba'zi banditlar turgandi» deyilgan.

Yana bir postda Adam Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasini (qasddan yolg‘on ma'lumot tarqatish) dekriminallashtirish zarurligi haqida yozgan, bu «hokimiyatimiz tomonidan mustaqil ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligini bostirish uchun jazolash maqsadida foydalanilmoqda», degan. Adliya vazirligi vakillari ham ushbu maqolani noto‘g‘ri deb topganlar.

Gulnora Bajkenovaga qarshi tergov o‘tgan yil dekabrь oyida boshlangan. Xabar qilinishicha, bu ish «qasddan yolg‘on ma'lumotni takroriy va qasddan tarqatish» bilan bog‘liq. ORDA.kz bosh muharriri hozirda uy qamog‘ida.