3 iyun kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehlining Malьviya Nagar tumanidagi mehmonxonada sodir bo'lgan yong'inda uch nafar Qirg'iziston fuqarosi halok bo'ldi. Bu haqda Qirg'iziston TIV xabar berdi.
Bayonotda qurbonlar ismi-sharifining bosh harflari va yoshi ko'rsatilgan. 24.kg xabariga ko'ra, qurbonlar 50 yoshli Nargiz Qo'chqorova, uning 76 yoshli onasi va 23 yoshli o'g'li bo'lgan. O'shda yashovchi oila Qo'chqorovaning jigar transplantatsiyasi uchun Hindistonga kelgan; uning o'g'li onasining organ donori bo'lgan. Qo'chqorovaning voyaga yetmagan ikki nafar farzandi qolgan.
NDTV nashri ma'lumotlariga ko'ra, Flourish Stay B&B mehmonxonasida yong'in soat 8:50 atrofida besh qavatli binoning yerto'lasida joylashgan restoranda sodir bo'lgan. Yong'inda kamida 21 kishi jabrlangan — 17 nafar chet ellik, jumladan, Liberiya, Nigeriya, Mozambik va Bangladesh fuqarolari. 40 dan ortiq odam evakuatsiya qilingan va kasalxonalarga yotqizilgan, aksariyatining badanlari kuyib ketgan va is gazidan zaharlanishgan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi va har bir oilaga 200 000 rupiy (2000 dollar), jarohatlanganlarga esa 50 000 rupiy (520 dollar) miqdorida kompensatsiya berilishini e'lon qildi.
Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida mehmonxona Florist Inn (Hindiston ommaviy axborot vositalarida Flourish Inn nomi bilan yoritilgan) deb ko'rsatilgan, ammo yong'in aslida Flourish Stay B&B mehmonxonasida sodir bo'lgan. Mehmonxonalar bir-biridan taxminan 200 metr masofada joylashgan va hozirda qochib yurgan Lokesh Bajajga tegishli. Flourish Inn zarar ko'rmagan; uning mehmonlari qo'shni mehmonxonada yong'in chiqqandan so'ng darhol evakuatsiya qilingan.
Dehlining eng yirik xususiy shifoxonalaridan biri yaqinida joylashgan Flourish Stay davolanishni istagan xorijliklar orasida mashhur bo'lgan.
Manbalarning NDTV telekanaliga aytishicha, mehmonxona litsenziyasi unga atigi oltita xonani boshqarishga imkon bergan. Biroq, Flourish Stay mehmonxonasi yerto'lada joylashgan xonalarni ham qo'shib hisoblaganda 25 ta nomerdan foydalangan. Dehli politsiyasining ma'lumotlariga ko'ra, mehmonxonada faqat bitta kirish va chiqish joyi bo'lgan.



