Qozog'istonlik faol Muratbay Jumagaliyevga qarshi jinoyat ishi og'irroq jinoyat sifatida qayta tasniflandi, deb xabar beradi uning advokati Aygul Ayjarikova Vlastь.kz nashriga.
Jumagaliyev dastlab giyohvand moddalarni juda katta miqdorda noqonuniy olib yurishda (QR Jinoyat kodeksining 296-moddasi, 4-qismi) ayblangan bo'lib, bu yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi. Endi ayblov juda katta miqdorda giyohvand moddalarni sotish maqsadida noqonuniy qo'lga kiritish, saqlash va tashishga o'zgartirilgan (QR Jinoyat kodeksining 297-moddasi, 3-qismi). Advokatning ta'kidlashicha, jazo 12 yilgacha qamoq jazosini o'z ichiga oladi.
Uning so'zlariga ko'ra, sud Jumagaliyevni ikki oyga hibsga olishga ruxsat bergan. Hozirda u tergov hibsxonasida.
Faolning hibsga olinishi 4 iyun kuni ma'lum bo'ldi. Sud-tibbiy ekspertizasiga ko'ra, Jumagaliyev cho'ntagidan 108 gramm opiat topilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda u ayblovlar «uydirma» ekani va taqiqlangan modda atayin uning cho'ntagiga solib qo'yilganini da'vo qilayotganini eshitish mumkin.
Muratbay Jumagaliyev — Janao'zenning eng taniqli fuqarolik faollaridan biri, 2011 yili neftchilar ish tashlashida ishtirok etgan, o'shanda norozilik namoyishlari tarqatib yuborilishi natijasida 17 kishi halok bo'lgandi. Ushbu voqealardan so'ng, u ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblangan 37 nafar sudlanuvchi qatorida bo'lgan va uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.
Faol ruxsatsiz mitinglarda ishtirok etgani uchun bir necha bor ma'muriy javobgarlikka tortilgan, 2011 yilgi voqealar bo'yicha yangi tergov o'tkazishni, siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qilgan va mamlakat prezidentini tanqid qilgan.
Faol hibsga olinganidan so'ng 5 iyun kuni «Ozenmunaygaz» neft kompaniyasi ishchilari ishni bir soatga to'xtatib qo'yishgan. Neftchilarning ish tashlashi aks etgan video internetda tarqalgan. Kadrda bir kishi respublika prezidenti Qosim-Jomart To'qayevga murojaat qilib, Jumagaliyevning ozod qilinishini ta'minlashda yordam so'ragan. Namoyishchi faolning «turli hiyla-nayranglar orqali qo'yilgan soxta ayblovlar» bilan hibsga olinganini da'vo qiladi.



