Turkiyadan qariyb 100 nafar Turkmaniston fuqarosi deportatsiya qilindi. Ular Ashxobod aeroportiga yetib kelgach, telefonlari olib qo‘yilib, so‘roq qilingan. Bu haqda «Azattik-Aziya» o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Turkmaniston poytaxtiga parvoz qilgan samolyot 8 iyun kuni Istanbuldan uchib kelgan. Samolyotda faqat deportatsiya qilingan shaxslar bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bu haqda aniq ma’lumot berilmagan. Manbalarning aytishicha, samolyot uchishidan oldin Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ushlanganlarning mobil telefonlarini olib qo‘ygan, ulardan parol va blokdan chiqarish kodlarini talab qilgan hamda qurilmalardagi ma’lumotlarni tekshirgan.
Shunga o‘xshash jarayon Ashxobod aeroportida ham o‘tkazilgan. U yerda Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari deportatsiya qilingan fuqarolarning telefonlarini tekshirib, ularni so‘roq qilgan.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘roq davomida deportatsiya qilingan shaxslarning qaysi ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgani, kimlar bilan yozishmalari borligi, YouTubeda qanday videolarni ko‘rishi va ularga “layk” bosishi tekshirilgan. Shuningdek, mobil qurilmalarning IP-manzillari aniqlanib, elektron pochta hisoblari ham ko‘zdan kechirilgan. Bundan tashqari, deportatsiya qilinganlarga ularning siyosiy qarashlari va muxolifat tuzilmalari bilan ehtimoliy aloqalari haqida savollar berilgan.
Ayrim shaxslar muxolifat bilan aloqadorlik yoki hukumatga yoqmaydigan tadbirlarda qatnashganlikda gumon qilinib, Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi bo‘linmalariga olib ketilgan.
«Azattik-Aziya» qayd etishicha, bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlash yoki rad etish imkoni yo‘q. Chunki Turkmanistondan mehnat migratsiyasi bo‘yicha rasmiy statistika yoki umuman e’lon qilinmaydi, yoki kuzatuvchilar fikricha, to‘liq aks ettirilmaydi. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi, Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi, Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi hamda Turkmaniston Davlat migratsiya xizmati deportatsiyalar ko‘lami haqida aniq ma’lumot bermayapti.
2022 yilga qadar Turkiya Turkmaniston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona davlat bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har oy o‘rtacha 20–25 ming nafar turkmanistonlik Turkiyaga kelgan. Shu bilan birga, Turkiya turkman muxolifati faoliyatining asosiy markazlaridan biriga ham aylangan. 2019 yil iyul oyida Istanbulda xorijda yashayotgan turkmanlar «Erkinlikka yo‘l» nomli siyosiy tuzilmani tashkil etganlar. Ularning maqsadi o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazish, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish, shuningdek erkin prezidentlik va parlament saylovlarini tashkil etish masalalarini ilgari surishdan iborat bo‘lgan.
2022 yil sentyabr oyida Turkiya hukumati Turkmaniston iltimosiga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida vizali tartibni joriy qiladi. Shu vaqtdan beri Anqara turkman hukumati bilan faol hamkorlik qilib, ayrim faollarni vataniga qaytarish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan. So‘nggi yillarda bir nechta turkman muxolifat faollari Turkiyadan deportatsiya qilingan. Ular orasida Farhod Meymanquliyev, Rovshen Qlichev, Serdar Durdiliyev, Merdan Muhammedov va boshqalar bor. Xabarlarga ko‘ra, ularning ayrimlari Turkmanistonga qaytganidan so‘ng qattiq ta’qiblarga uchragan. Ba’zi faollarning keyingi taqdiri haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Shunga qaramay, Turkmaniston fuqarolari Turkiyada yashash ruxsatnomasini olgan xorijliklar orasida yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil iyun holatiga Turkiyada qariyb 190 ming nafar turkmanistonlik yashash guvohnomasiga ega.



