Ochlik e’lon qilgan «KazTAG» nashri bosh muharriri ikki kunlik umri qolganini ma’lum qildi

kaztag.kz sayti fotosurati

Sudgacha hibsda saqlanayoganiga qarshi norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan “KazTAG” axborot agentligi bosh muharriri Amir Kasenov umrining ikki kuni qolganini ma’lum qildi. U bu haqda 22 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ta’kidladi, deb xabar beradi “KazTAG”.

«O‘lim oldidan so‘nggi tilagim — xotinimni ko‘rish. Ikki kunlik umrim qoldi. Mening qarorim sizning noqonuniy qarorlaringiz tufayli», — degan Kasenov videoaloqa orqali.

Amir Kasenov sud jarayonida «mening jasadimni sud qilishingizga to‘g‘ri keladi» deb ogohlantirgan.

Sudya Yernar Qasimbekov uni majlisga onlayn tarzda ulagan. Kasenov esa o‘zini zalga olib kelishlarini so‘raganini aytgan. Biroq, sudya uning sudda videoaloqa orqali ishtirok etmoqchiligi ma’lum qilganda, Kasenov bu ma’lumotni yolg‘on deb atagan.

Kasenov 15 iyun kuni, unga nisbatan ehtiyot chorasi uy qamog‘idan qamoqqa o‘zgartirilgandan so‘ng, quriq ochlik e’lon qilgan. 19 iyun kuni u tergov hibsxonasidan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘lgan. Shu kuni Olmaota shahar jamoat sog‘liqni saqlash boshqarmasi uning hayotiga xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.

Amir Kasenov «atayin noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish» moddasi bo‘yicha ayblanayotgani ma’lum. Ish “KazTAG”ning «Fridom Finans» kompaniyasi faoliyatiga oid e’lon qilgan materiallari bilan bog‘liq.

2025 yilda agentlik kompaniya va uning asoschisi Timur Turlov haqida 250 dan ortiq maqola chop etgan. Ularda firibgarlik, moliyaviy piramida va mijoz mablag‘larini chetga chiqarish kabi ayblovlar keltirilgan. Kompaniya bu da’volarni rad etgan. 2026 yil fevral oyida Olmaotadagi Medeu tuman sudi brokerning ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi da’vosini qanoatlantirib, agentlikni noto‘g‘ri deb topilgan ma’lumotlarni inkor etishga majbur qilgan.

2025 yil dekabr oyida “KazTAG” bosh direktori Aset Matayev va bosh muharrir Amir Kasenov atayin yolg‘on ma’lumot tarqatish ishi bo‘yicha gumondor deb topilgan. Keyinchalik Matayevga qarshi jinoiy ish to‘xtatilgan.

O‘z navbatida, Kasenov uy qamog‘ida bo‘lganida Qasim-Jomart To‘qayevga video murojaat yo‘llagan. U jinoiy ta’qibni kasbiy faoliyati bilan bog‘lab, protsessual huquqlari ko‘p marotaba buzilganini ma’lum qilgan.