Qоsim-Jomart To‘qayevning Bryusselga rasmiy tashrifi arafasida xalqaro va qozog‘istonlik huquq himoyasi tashkilotlari Yevropa Ittifoqi rahbariyatini mamlakatdagi inson huquqlari buzilishi va siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qiblar masalasini qat’iy hamda izchil tarzda ko‘tarishga chaqirdi.
Bu haqda Xalqaro inson huquqlari bo‘yicha sheriklik va Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosi tomonidan tayyorlangan qo‘shma maktubda so‘z boradi.
Mazkur murojaat Antoniu Koshta, Ursula fon der Lyayen hamda Kaya Kallasga yo‘llangan.
Maktub mualliflari konstitutsiyaviy islohot tanqidchilarining ta’qib qilinayotgani, mustaqil ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va muxolifat faollariga bosimning kuchayishi va internetda so‘z erkinligining cheklanayotgani haqida xabar berishadi. Ular Orda.kz bosh muharriri Gulnora Bajkenova va “KazTAG” axborot agentligi bosh muharriri Amir Kasenovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarni, shuningdek, faollar Marat Jilanbayev, Duman Muhammadkarim va boshqa fuqarolik jamiyati vakillarining sudlanganligini tilga olishadi
Bundan tashqari, maktubda nodavlat tashkilotlar ustidan nazorat kuchaygani, tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi cheklanayotgani hamda «LGBTIK+ targ‘iboti» deb ataluvchi faoliyatni taqiqlash choralari qabul qilinganidan so‘ng LGBTIK+ faollariga bosim kuchaygani qayd etilgan. Shuningdek, 2022 yil yanvar voqealari vaqtida inson huquqlari buzilishi holatlarini tergov qilishda ham, Aydos Sadiqovning Kiyev shahrida o‘ldirilishi ishi bo‘yicha ham sezilarli taraqqiyot kuzatilmayotgani alohida ta’kidlangan.
Inson huquqlari faollari Yevropa Ittifoqi va Qozog‘iston o‘rtasida energetika, muhim xomashyo, raqamlashtirish va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish inson huquqlari hisobiga bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlaydilar.
Shu munosabat bilan ular Yevropa Ittifoqi rahbarlarini tinch jamoatchilik faoliyati uchun sudlangan shaxslarni ozod qilishga ko‘maklashishga, jurnalistlar va faollarga nisbatan jinoyat qonunchiligidan suiiste’mol qilib foydalanish amaliyotiga qarshi chiqishga hamda inson huquqlarining og‘ir buzilishlarida aybdor bo‘lganlarni javobgarlikka tortishni talab qilishga chaqirdi.
Qоsim-Jomart To‘qayevning Bryusselga rasmiy tashrifi 22–23 iyun kunlariga rejalashtirilgan. Tashrif doirasida Qozog‘iston rahbari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Tomonlar Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar. Belgiya Bosh vaziri Bart De Vever bilan uchrashuv, shuningdek, To‘qayevning Yevropa biznesi vakillari ishtirokida Qozog‘iston-Yevropa Ittifoqi davra suhbatida ishtirok etishi rejalashtirilgan.



