Afg‘oniston hukumatidan norozi bo‘lgan toliblar qo‘mondoni Badaxshon o‘lkasida qo‘zg‘olon ko‘tarishi mumkinligidan ogohlantirdi

Jumaxon Foteh. 8am.media sayti fotosurati

Toliblar qo‘mondoni, Afg‘oniston shimoli-sharqidagi aholi orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan Jumaxon Foteh radikal harakat rahbariyatiga Badaxshon viloyatida xalq qo‘zg‘olonini uyushtirishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar natija bermagani sababli vaziyat qurolli to‘qnashuvlargacha yetib borishi mumkin, deb xabar beradi Amu.tv nashri mamlakatdagi o‘z manbalariga tayanib.

Norozi qo‘mondon bilan Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi mojaro yanada keskinlashdi. Bunga sabab, Foteh joriy yilda tayinlangan Zabul viloyati gubernatorining o‘rinbosari lavozimidan hech qanday izoh berilmasdan ozod etilganidir.

Iste’fo haqidagi qarorni 22 iyun, dushanba kuni “Tolibon”ning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, harakat rahbari Haybatullo Oxundzoda lavozimdan olingan amaldor o‘rniga allaqachon boshqa nomzodni tayinlagan. Shuningdek, Foteh yangi ish joyiga o‘tkazilmasdan lavozimidan bo‘shatilgan.

Manbalarning aniqlashtirishicha, Foteh so‘nggi bir necha hafta davomida “Tolibon” rahbariyati bilan keskin muzokaralar olib borgan. Nizo oltin qazib olish korxonalari joylashgan, tabiiy boyliklarga boy Badaxshon viloyati atrofiga borib taqaladi.

Gap shundaki, oltin qazib olish Afg‘oniston hukumati uchun tobora muhim daromad manbaiga aylanmoqda. Hukumat ushbu sohani qattiqroq nazorat qilishga intilmoqda, bu esa mahalliy qo‘mondonlar bilan konlarga kirish huquqi va tabiiy resurslardan olinadigan daromadlarni taqsimlash masalalarida ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.

Shu sababli, masalan, Badaxshonda bir necha bor toliblarga qarshi namoyishlar yuz bergan. Ularda nufuzli qurolli guruh yetakchilari ta’siridagi mahalliy aholi soliq siyosati va shu kabi masalalar bo‘yicha o‘z noroziligini bildirgan.

Foteh boshqa hududga o‘tkazilganiga qaramay, Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida sezilarli ta’sir kuchini saqlab qolgan. Ayniqsa, Darvoz tumanida uni «bosh qo‘mondon» deb atashadi.

Mintaqada qurolli qarshilik yuzaga kelishidan xavotirlangan toliblar bir necha bosqichli muzokaralar o‘tkazgan. Hukumat Foteh bilan uchrashuvga turli vakillarni, jumladan qo‘shni viloyatlar rahbarlari hamda Afg‘oniston armiyasi bosh shtabi rahbarini ham yuborgan.

Biroq, vaziyatdan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, muzokaralar to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Aynan shu holat “Tolibon” rahbariyatini norozi qo‘mondon Foteh o‘rniga boshqa nomzod izlashga majbur qilgan.

Biroq, Foteh taslim bo‘lish niyatida emas va viloyatda keng ko‘lamli qo‘zg‘olon ko‘tarish bilan tahdid qilgan. Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Badaxshonda uning qo‘li ostida toliblar armiyasiga qarshi tura oladigan 10 mingga yaqin jangarilar bor.

Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Andrey Serenkoning yozishicha, Qobul Badaxshon yetakchisi bayonotlariga javob qa mintaqaga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yubora boshlagan.

Shu bilan birga, Fotehni “Tolibon”ga qarshi boshqa qurolli guruhlar ham qo‘llab-quvvatlashi ehtimoli bor. Ekspertning ta’kidlashicha, agar shunday bo‘lsa, toliblar 2021 yilda hokimiyatni qo‘lga olganidan beri birinchi marta butun bir viloyat ustidan nazoratni yo‘qotish xavfiga duch kelishi mumkin.

*“Tolibon” harakati ko‘pgina davlatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan