Taqiqlangan niqob — Qozog‘istonda yuzni berkitadigan kiyim kiygani uchun 1,6 mingdan ortiq inson jazolandi

kz.kursiv.media sayti fotosurati

Qozog‘istonda jamoat joylarida shaxsni aniqlashga to‘sqinlik qiluvchi kiyim-kechak kiygani uchun 1613 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik eslatishicha, mazkur taqiq “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilangan. Shu bilan birga, bunday kiyim-kechakdan qonun talablariga rioya qilish, tibbiy maqsadlarda, fuqarolik mudofaasi uchun, muayyan ob-havo sharoitida, sport va madaniy tadbirlarda qatnashish uchun foydalanilgan holatlar mustasno bo‘lishi mumkin.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 434-3-moddasiga muvofiq, qoida ilk bor buzilganda ogohlantirish beriladi. Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, 10 OHK (oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi) miqdorida, ya’ni taxminan 88 AQSH dollariga teng jarima qo‘llaniladi.

Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’kidlashicha, mazkur norma jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquq-tartibotni saqlash maqsadida joriy etilgan.

Qosim-Jomart To‘qayev 2025 yil iyun oyida jamoat joylarida yuzni to‘sib turuvchi kiyim-kechakni taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Hujjatda aynan qaysi turdagi kiyim nazarda tutilgani aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, tez orada bu taqiq niqob va paranjilar bilan bir qatorda yuzni to‘liq yopadigan diniy kiyimlarga ham taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, Qozog‘istonda bu borada muhokamalar bir necha yil davom etgan niqob ham shu ro‘yxatga kiritildi. Ilgari prezident niqobni arxaik kiyim shakli deb atab, uni Qozog‘iston ayollariga radikal kayfiyatdagi neofitlar tomonidan singdirilayotgan odat sifatida baholagan edi.

Ta’kidlash joiz, jamoat joylarida paranji va niqob kiyish uchun ogohlantirish hamda jarima ko‘rinishidagi javobgarlik choralari respublikada biroz keyinroq — 2025 yil dekabr oyi oxiridan boshlab amal qila boshlagan. Ya’ni, so‘nggi yarim yil ichida ushbu modda asosida 1613 nafardan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.