«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkiloti sudgacha hibsda ochlik e’lon qilgan “KazTAG” axborot agentligi bosh muharriri Amir Kasenovning sog‘lig‘i haqida xavotir bildirdi va uni ozod qilishga chaqirdi, deb xabar beradi tashkilot o‘zining Telegram-kanalida.
«RSF ochlik e’lon qilgani va hibsda suv ichishdan bosh tortgani uchun kasalxonaga yotqizilgan “KazTAG” bosh muharriri Amir Kasenov sog‘lig‘i haqida jiddiy xavotir bildiradi. Rasmiylar uning xavfsizligini kafolatlashi, uni ozod qilishi va jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq ta’qiblarni to‘xtatishi kerak», — deb ta’kidlaydi inson huquqlari faollari.
Amir Kasenov 15 iyun kuni unga nisbatan ehtiyot chorasi uy qamog‘idan hibsga olishga o‘zgartirilganidan so‘ng quruq ochlik e’lon qilgan. 19 iyun kuni u tergov hibsxonasidan shifoxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Olmaota shahar Jamoat salomatligi boshqarmasi uning hayotiga hech qanday xavf tahdid solmayotganini bildirgan. Biroq Kasenov 22 iyun kuni o‘zining «yashashiga ikki kun qolgani»ni ma’lum qilgan.
Jurnalistning advokati Akromat Muxtarov so‘zlariga ko‘ra, himoyasidagi shaxs bir kun avval sog‘lig‘i yomonlashganidan shikoyat qilgan. U og‘riqlar va kuchli jismoniy noqulayliklarni his qilayotganini aytgan.
Amir Kasenov qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda. Jinoyat ishi “KazTAG” axborot agentligining Freedom Finance haqidagi nashrlari bilan bog‘liq. 2025 yili agentlik kompaniya va uning asoschisi Timur Turlov haqida 250 dan ortiq maqola e’lon qilgan.
Ushbu materiallarda firibgarlik, moliyaviy piramida va mijoz mablag‘larini chetga chiqarish kabi ayblovlar keltirilgan. Kompaniya bu da’volarni rad etgan. 2026 yil fevral oyida Olmaotadagi Medeu tuman sudi kompaniyaning ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi da’vosini qanoatlantirib, agentlikni noto‘g‘ri deb topilgan ma’lumotlarni inkor etishga majbur qilgan.
2025 yil dekabr oyida “KazTAG” bosh direktori Aset Matayev va bosh muharrir Amir Kasenov atayin yolg‘on ma’lumot tarqatish ishi bo‘yicha gumondor deb topilgan. Keyinchalik Matayevga qarshi jinoiy ish to‘xtatilgan.
Kasenov uy qamog‘ida bo‘lganida Qasim-Jomart To‘qayevga video murojaat yo‘llagan. U jinoiy ta’qibni kasbiy faoliyati bilan bog‘lab, protsessual huquqlari ko‘p marotaba buzilayotganini ma’lum qilgan.



