O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi banklarga jismoniy va yuridik shaxslarning hisobvaraqlari hamda ayrim operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatini yuklashni taklif qildi. Tegishli hukumat qarori loyihasi 23 iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashish uchun «Bank-soliq» avtomatlashtirilgan modulini yaratish nazarda tutilgan. Banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari ochilgani yoki yopilgani haqida uch kun ichida xabar berishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning bank kartalariga boshqa fuqarolardan kelib tushgan mablag‘lar (P2P-tranzaksiyalar) haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etiladi. Bu talab bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravaridan ortiq summalarga tatbiq etiladi. Hozirda bu miqdor 206 million so‘mdan (17 ming dollardan ortiq) ziyod mablag‘ni tashkil etadi, 2026 yil 1 sentyabrdan esa 220 million so‘mga teng bo‘ladi.
Bundan tashqari, banklar O‘zbekiston hududida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar manziliga amalga oshirilgan fuqarolar to‘lovlari haqida ham soliq organlariga ma’lumot taqdim etishi shart bo‘ladi. Biroq, loyihaga ko‘ra, bunday ma’lumotlar jo‘natuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini ko‘rsatmagan holda beriladi.
Soliq organlari «Bank-soliq» moduli orqali banklarga so‘rov yuborish huquqiga ega bo‘ladi. So‘rovda mijozning ismi, identifikatsiya raqami hamda ma’lumot talab qilinayotgan davr ko‘rsatilishi lozim. Banklar esa so‘rovni olgan paytdan boshlab uch kun ichida talab qilingan ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Taqdim etiladigan barcha ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ularni oshkor qilish yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Ma’lumotlarning saqlanishi va muhofazasi uchun soliq organlari javobgar bo‘ladi.
Loyiha mualliflari tushuntirish xatida bunday nazorat mexanizmlari allaqachon Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va Yevropa Ittifoqi davlatlarida amal qilib kelayotganini ta’kidlagan. Masalan, Qozog‘istonda banklar ketma-ket uch oy davomida yuzdan ortiq turli jo‘natuvchilardan mablag‘ kelib tushgan hisobvaraqlar haqida soliq organlariga xabar beradi. Rossiyada esa banklar jismoniy shaxslarning P2P-tranzaksiyalari haqidagi ma’lumotlarni Rosfinmonitoring va soliq organlariga taqdim etadi.
Hujjat loyihasi tizimni bosqichma-bosqich joriy etishni nazarda tutadi. Qaror tasdiqlanganidan keyin ikki oy ichida «Bank-soliq» moduli uchun texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqilishi kerak. Yana to‘rt oy ichida banklar o‘z axborot tizimlarini soliq organlari tizimi bilan integratsiya qilishni yakunlashi shart bo‘ladi.
Loyihaning jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 8 iyulga qadar davom etadi. Ushbu xabar tayyorlangan vaqtda loyiha ostida 40 dan ortiq izoh qoldirilgan bo‘lib, ularning barchasi salbiy mazmunda bo‘lgan.
Xususan, izoh qoldiruvchilar O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasi bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir saqlanishini kafolatlashini eslatib, mazkur loyihaning qabul qilinishi fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini susaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ko‘plab foydalanuvchilarning fikricha, bu yangi qoida o‘zbekistonliklarni yana naqd puldan ko‘proq foydalanishga undaydi, bu esa o‘z navbatida yashirin iqtisodiyot ulushining oshishiga olib kelishi mumkin.
ℹ️ Bu soliq organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning hisobvaraqlari hamda operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarga qo‘lga kiritish bo‘yicha birinchi urinishi emas. Iqtisodchi Otabek Bakirov eslatishicha, 2020 yili ham Soliq qo‘mitasi banklardan jismoniy shaxslarning barcha bank kartalari bo‘yicha pul aylanmasi 30 million so‘mdan oshganda P2P-tranzaksiyalar haqida ma’lumot olishga harakat qilgan. Ushbu tashabbus jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan va hujjat loyihasi ostida yuzdan ortiq salbiy fikr-mulohazalar qoldirilgan. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Senatning budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi soliq organlarining mazkur loyihasiga qarshi chiqqan. Biroq idora keyinchalik ham shunga o‘xshash tashabbuslarni ilgari surishga bir necha bor uringan.
«Umid qilamanki, avvalgi urinishlar kabi bu safar ham tashabbus muvaffaqiyat qozonmaydi. Ammo buning uchun parlamentdan tortib manfaatdor idoralargacha (Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank), matbuotdan tortib jamoatchilikkacha — hech kim jim turmasligi kerak», — deya ta’kidlaydi Bakirov.
O‘zbekiston Markaziy banki, Adliya vazirligi va Moliya vazirligining rasmiy pozitsiyasi hozircha e’lon qilinmagan.



