Turkiya xorijda yashiringan FETO (Fetullah Terrorist Organization) a’zolarini qidirish va ularni ekstraditsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi. Adliya vaziri Akin Gyurlek tashkilotning davlat to‘ntarishiga urinishi va Turkiyaga qarshi fitna ishlarida ishtirok etgan asosiy shaxslarni topshirish bo‘yicha so‘rovlar qayta tiklanganini ma’lum qildi. Bu haqda Daily Sabah nashri xabar berdi.
Yangilangan ekstraditsiya ro‘yxatiga kamida 10 nafar yuqori martabali FETO a’zosi kiritilgan bo‘lib, Ankara ma’lumotlariga ko‘ra, ular tashkilot faoliyatida yetakchi rol o‘ynagan. Ro‘yxatda guruhning oliy rahbarlik organi a’zolari hamda armiya, politsiya va sud tizimiga tarafdorlarni kiritish uchun javobgar bo‘lgan shaxslar ham bor. Turkiya hukumati bu shaxslarni AQSH, Germaniya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Aljir, Ruminiya, Kanada va Mongoliyada qidirmoqda.
Ro‘yxatda FETOning Maslahat kengashi a’zosi Abdulla Aymaz ham bor. U tashkilotning 1970 yillarda tuzilishida ishtirok etgan va Fethulloh Gyulenning (2024 yilda vafot etgan) ehtimoliy vorislaridan biri sifatida ko‘rilgan. Dastlab Germaniya Turkiyaning uni ekstraditsiya qilish so‘rovini rad etgan va Aymazga Germaniya fuqaroligini bergan, biroq o‘tgan yili u AQSHga ko‘chib o‘tgan.
Sobiq prokuror Zekeriya Oz ham ushbu so‘rovda tilga olingan bo‘lib, u sobiq politsiya boshlig‘i Xanefi Avji va jurnalist Nedim Shenerga qarshi uydirma jinoiy ishlar to‘qish va sud manipulyatsiyalarini tashkil etishda ayblanadi. Oz Turkiyadan Gruziya orqali qochgan, keyin Germaniyada bo‘lgan, hozir esa Turkiya rasmiylariga ko‘ra AQSHda yashamoqda.
Osman Hilmi O‘zdil, guruh ichida «Kozanli Omer» kod nomi bilan tanilgan, FETOga sodiq politsiya informatorlari va ofitserlar tarmog‘ini boshqargan. Ayblov versiyasiga ko‘ra, u «Ergenekon» ishi bo‘yicha ma’lumotlarni tashkilot rahbariyatiga yetkazishni tashkil qilgan hamda harbiy o‘quv yurtlari uchun imtihon savollarini o‘g‘irlash orqali tarafdorlarni armiyaga kiritishga yordam bergan. 2007 yilda O‘zdil FQB agentlari tomonidan AQSHda boshqa bir tergov doirasida qo‘lga olingan.
Mustafa Muxammet Gyunay, TUSKON (Turkiya tadbirkorlar uyushmalari federatsiyasi) biznes tuzilmasining bosh kotibi bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, FETOning moliyaviy mablag‘larini yig‘ish va boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan. U 2020 yilda AQSHdan Belgiyaga ko‘chib o‘tgan va hozir Anqara uni yirik talon-toroj va shpionaj ayblovlari bilan topshirilishini talab qilmoqda.
Talip Buyuk guruhning Shimoliy Iroq va Yaqin Sharqdagi tarmog‘ini boshqargan, Kuleli harbiy maktabiga ofitserlarni kiritish bilan shug‘ullangan. U kursantlarni tizimli ravishda chetlatib, ular o‘rniga FETO tarafdorlarini qo‘yganlikda ayblanmoqda. U Buyuk Britaniyaga qochgan, keyin Turkiya uni ekstraditsiya qilishni talab qilgach, AQSHga o‘tib ketgan.
No‘man Erdog‘an Afg‘onistondagi yacheyka sobiq rahbari bo‘lib, uzoq vaqt Kanada va AQSHda yashiringan. Kanada uni ekstraditsiya qilishni rad etgach, Anqara so‘rovni Vashingtonga yo‘llagan.
Shuningdek, ro‘yxatda yana boshqa shaxslar ham qayd etilgan.
▪️ Fatix Gyursoy — Lumina ta’lim boshqarmasi orqali Ruminiyada FETOning logistika tarmoqlarini boshqargan;
▪️ Mexmet Yasha — 1994 yildan beri tashkilotda turli rahbar lavozimlarda ishlab kelgan;
▪️ Abdulkadir Tunch — Aljir orqali qidiruvda;
▪️ Turgut Karabulut — Mongoliyadagi FETO tarmog‘ini boshqargan, hozir AQSHda yashaydi.
Turkiya hukumati bunday shaxslarni topshirishni doimiy ravishda talab qilib keladi va ularni davlatni beqarorlashtirish urinishlarida aybdor deb hisoblaydi. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, 2016 yilda guruh tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirilgan, undan keyin mamlakatda o‘n minglab gumondorlar hibsga olingan.
Shundan beri FETO tarafdorlarining katta qismi xorijga qochgan, Anqara esa ularni qaytarish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
FETO bilan bog‘liq gumondorlarni qidirish Turkiya hududida ham muntazam davom etmoqda. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida mamlakatning 42 viloyatida FETO bilan bog‘liqlikda gumon qilingan 237 kishi qo‘lga olingan. Operatsiyalar Stambul, Anqara, Izmir va Antaliya kabi yirik shaharlarda hamda boshqa bir qator hududlarda o‘tkazilgan. Qo‘lga olinganlardan 128 nafari hibsga olingan, 61 nafariga nisbatan sud nazorati choralari qo‘llanilgan, qolganlari esa tergov jarayonida ekani aytilmoqda. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar tashkilotga moliyaviy yordam ko‘rsatish, yashirin aloqalarni saqlash va FETOning turli tuzilmalari — jumladan talabalar va maxfiy yacheykalarda ishtirok etishda ayblanmoqda. Tintuvlar davomida katta miqdorda xorijiy valyuta va turk lirasi, shuningdek hujjatli va raqamli materiallar musodara qilingan.



