Qozog‘iston armiyasida og‘ir jarohat oqibatida muddatli harbiy xizmatchi vafot etdi

Instagram/erbayan2024 fotosurati

Qozog‘istonda muddatli harbiy xizmatchi Yerbayan Muxtar vafot etdi. U Milliy gvardiya harbiy qismida olgan og‘ir jarohatidan so‘ng ikki yarim yil davomida hayoti uchun kurashib kelayotgan edi. Bu haqda uning oilasi advokati Inga Imanbay ma’lum qildi.

«Afsuski, bugun Yerbayanning yuragi urishdan to‘xtaganini bildik. Yerbayan so‘nggi ikki yil davomida hayoti uchun kurashar ekan, minglab askarlarning taqdiriga ta’sir ko‘rsatdi. Uning tarixi orqali armiyadagi ko‘plab muammolar ochiq muhokama qilina boshlandi. Ba’zan bir insonning taqdiri butun bir tizimni o‘zgartirishga turtki bo‘ladi. Yerbayan ana shunday fuqarolardan biri bo‘ldi. Shuning uchun ham biz uni nafaqat og‘ir qismat egasi, balki armiyada xavfsizlik uchun kurash ramzi sifatida ham eslaymiz», — deb yozadi Imanbay o‘zining Facebook sahifasida.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, shifokorlar qariyb uch yil davomida yosh yigitning hayotini saqlab qolish uchun kurashgan. Biroq, u olgan og‘ir jarohatlar bosh miyada qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlarga olib kelgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Muxtar doimiy vegetativ holatda bo‘lgan. 2026 yil iyun oyida unda infeksion asoratlar, sepsis hamda ko‘p a’zolar yetishmovchiligi sindromi rivojlangan.

Yerbayan Muxtar Olmaota shahrida joylashgan Milliy gvardiyaning 5571-sonli harbiy qismida xizmat qilgan. 2023 yil dekabr oyida u og‘ir bosh-miya jarohatini olgan va shundan keyin komaga tushib qolgan. Uning qarindoshlariga yosh yigit go‘yoki hojatxonada sirpanib ketib, boshini kafelga urgani aytilgan.

Biroq, shifoxonaga yotqizilganida shifokorlar unda bosh miyaning og‘ir lat yeyishi, o‘tkir subdural gematoma, ensa suyagining sinishi hamda boshqa qator jiddiy jarohatlarni aniqlagan. Olgan jarohatlari oqibatida askarning bosh miyasining bir qismi olib tashlangan. Shundan so‘ng u mehnatga va mustaqil hayot kechirishga layoqatsiz holatga tushib qolgan hamda doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan. Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, ikki yarim yil davomida tergov yakuniga yetkazilmagan. Shuningdek, mazkur ish bo‘yicha hozirgacha gumondorlar aniqlanmagan.

Muxtar tarixi keng jamoatchilik e’tiborini tortgach, qozog‘istonliklar uni davolash va reabilitatsiya qilish uchun qariyb 230 million tenge (470 ming dollar) mablag‘ yig‘ishgan. Davolanish jarayonining bir qismi Turkiyada ham o‘tgan.

Joriy yil may oyi oxirida Yerbayanning ahvoli yana og‘irlashgani va uni reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazishgani xabar qilingan edi.

Yerbayan Muxtarning tarixi so‘nggi yillarda Qozog‘iston armiyasida yuz berayotgan ko‘plab fojiali voqealardan biri bo‘lib qoldi. Hukumat tomonidan islohotlar va nazoratni kuchaytirish haqida bayonotlar berilganiga qaramay, bunday holatlar hamon kuzatilmoqda. Jabrlangan va halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalari esa hanuzgacha aniq javoblar va xolis tergov natijalarini talab qilishmoqda.