Qozog‘iston yoqilg‘i importi uchun bojlarni nol darajaga tushirishni va Xitoy tomonga «yuzlanish»ni rejalashtirmoqda

depositphotos.com sayti fotosurati

Qozog‘iston uchinchi mamlakatlardan, birinchi navbatda Xitoydan keladigan yoqilg‘i-moylash materiallariga import bojlarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova ma’lum qildi, deb xabar beradi Tengrinews.kz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli qaror hozirda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasida muhokama qilinmoqda. Rasmiylar Rossiyadagi hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda, ichki bozorda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan taqdirda muqobil yoqilg‘i ta’minoti kanalini yaratishga umid qilmoqda.

«Biz Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi doirasida uchinchi davlatlardan, birinchi navbatda Xitoydan yoqilg‘i importini rag‘batlantirish uchun import bojlarini kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilmoqdamiz», — deya rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Uning aniqlik kiritishicha, bojlar nolga tushirilishi rejalashtirilgan, bu esa bojsiz yoqilg‘i importiga yo‘l ochadi.

Imtiyozli rejim bir yil davom etishi va benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isiga nisbatan qo‘llanilishi kutilmoqda. Import hajmini oldindan cheklash rejasi yo‘q; yoqilg‘i-moylash materiallari ichki bozor talabiga qarab import qilinadi.

Shu bilan birga, Qozog‘iston yoqilg‘i eksportini cheklashda davom etadi. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bu cheklovlar uzoq vaqtdan beri amal qilmoqda va ichki ehtiyojlarni qondirishga ustuvor ahamiyat berish uchun har olti oyda uzaytiriladi.

Rossiya Qozog‘istonning asosiy yoqilg‘i yetkazib beruvchisi hisoblanadi, ammo neftni qayta ishlash zavodlarining yopilishi va rejadan tashqari ta’mirlanishi tufayli mamlakatning o‘zi ham yoqilg‘i taqchilligiga duch kelmoqda. Bir kun oldin Reuters o‘z manbalarga tayanib, Rossiyada benzin ishlab chiqarish o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan taxminan chorakka kamayganini va bu holat Moskvani qo‘shnilaridan qo‘shimcha yoqilg‘i izlashga majbur qilayotganini xabar qilgan edi. Agentlikning ta’kidlashicha, Rossiya Qozog‘istonga taxminan 50 ming tonna AI-92 benzinini so‘rab murojaat qilgan. Biroq, Qozog‘iston tomoni rasman muzokaralar olib borilganini rad etdi.