Afg‘oniston ketma-ket uchinchi yil dunyoda bolalar uchun eng og‘ir sharoitga ega mamlakat deb topildi

ariananews.af sayti fotosurati

Afg‘oniston ketma-ket uchinchi yil Niderlandiyaning KidsRights jamg‘armasi tomonidan har yili nashr etiladigan KidsRights indeksida oxirgi o‘rinni egallab kelmoqda. Bunday natija KidsRights Foundationning Erazmus universiteti bilan hamkorlikda tayyorlagan 2026 yil reytingidan joy olgan.

Indeks BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan 194 davlatni besh asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi: omon qolish, sog‘liq, ta’lim, himoya va yashashga qulay muhit. 2026 yil natijalariga ko‘ra, Afg‘oniston 1 balldan 0,214 ball to‘plab, reytingda eng quyi pog‘onaga joylashgan va Chad hamda Gvineyadan keyingi oxirgi o‘rinni egallagan.

Ko‘rsatkichlar barcha baholanadigan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ta past darajada. Eng yomon natija “qulay muhit” kategoriyasida qayd etilgan — 0,010 ball. Ta’lim 0,286 ball, himoya 0,549 ball, yashab qolish 0,454 ball, sog‘liqni saqlash esa 0,635 ball bilan baholangan.

Afg‘onistonda bolalar ahvolini og‘irlashtirayotgan asosiy omillardan biri qizlarning ta’lim olishiga qo‘yilgan cheklovlar hisoblanadi. 2021 yil avgust oyida toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng, Afg‘oniston qizlarga o‘rta va oliy ta’lim olish imkoniyati taqiqlangan dunyodagi yagona davlatga aylandi. Bu siyosat mamlakatning “ta’lim” kategoriyasidagi ko‘rsatkichlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilib, uni indeksda eng past natijalardan biriga olib kelmoqda.

Ta’lim sohasidagi inqirozdan tashqari, Afg‘oniston keng ko‘lamli gumanitar va iqtisodiy tanazzul bilan ham to‘qnash kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar baholariga ko‘ra, millionlab afg‘onistonliklar qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi, zaif iqtisodiyot va ish o‘rinlarining yetishmasligi esa oilalarning eng zarur ehtiyojlarini qondirish imkonini cheklab qo‘ymoqda.

YUNISЕF ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda Afg‘oniston aholisining 21,9 million nafariga gumanitar yordam zarur bo‘ladi, ularning 11,6 millioni bolalardir. Iqtisodiy holatning yomonlashuvi, iqlimiy ofatlar va aholining majburiy ko‘chishi butun mamlakat bo‘ylab zaif oilalarga bo‘lgan bosimni yanada kuchaytirmoqda.

Alohida xavotir uyg‘otayotgan jihat — bolalar orasida to‘yib ovqatlanmaslik holatlarining keskin o‘sishidir. Afg‘onistonda besh yoshdan kichik bo‘lgan deyarli 942 ming bola joriy yili to‘yib ovqatlanmaslik holati bo‘yicha davolanishga muhtoj hisoblanadi. O‘n minglab bolalar esa allaqachon davolash markazlariga qabul qilingan bo‘lib, bu sog‘liqni saqlash tizimidagi inqiroz chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston hukumati hisobotdagi xulosalarni rad etadi. Hukumat vakili mullo Hamdulla Fitrat ushbu hujjatni “asossiz va reallikdan uzoq” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda bolalar huquqlarini himoya qilishga yetarli e’tibor qaratilmoqda, ayniqsa ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida, shuningdek xavfli bolalar mehnati qat’iy taqiqlangan.

Shu bilan birga, hisobotda ta’kidlanishicha, qurolli nizolar, xavfsizlikning yo‘qligi va noqulay yashash sharoitlari dunyo bo‘ylab millionlab bolalar huquqlari va farovonligiga tahdid solmoqda.

“Bolalar urush soyasida kattayaptimi yoki sog‘lig‘ini izdan chiqaradigan sharoitlarda yashayaptimi — farqi yo‘q: natija bir xil. Ularning huquqlari, farovonligi va kelajak imkoniyatlari xavf ostida qolmoqda. Dunyo bolalarga ular haqli bo‘lgan himoyani ta’minlamayapti”, — deydi KidsRights jamg‘armasining bosh direktori Mark Dyullert.

2026 yil reytingida yetakchi o‘rinlarni Luksemburg (umumiy 0,871 ball), Islandiya (0,867), shuningdek Monako va Germaniya (ikkalasi ham 0,866 ball) egallagan. Birinchi o‘ntalikka shuningdek Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya hamda Avstriya va Tailand kirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori o‘rinni Qozog‘iston egallab, 24-o‘rinda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (96-o‘rin) joylashgan.

Qo‘shimcha taqqoslashda Xitoy 81-o‘rinni, Rossiya 151-o‘rinni, Myanma 119-o‘rinni, Isroil 110-o‘rinni, Ukraina 36-o‘rinni, Buyuk Britaniya 132-o‘rinni egallagan. AQSH esa reytingda ishtirok etmagan, chunki mamlakat BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini imzolagan bo‘lsa-da, uni ratifikatsiya qilmagan.

KidsRights Index 2013 yildan buyon chop etib kelinadi va u bolalar huquqlariga rioya etilishini har yili qiyosiy statistik ma’lumotlar asosida baholovchi yagona global reyting hisoblanadi. Ushbu tadqiqot natijalari KidsRights Foundation, hukumatlar, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar tomonidan qarorlar qabul qilish va bolalar ahvolini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda muhim yo‘naltiruvchi manba sifatida qo‘llaniladi.