BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Afg‘onistonda ko‘knori ekin maydonlari 95 foizga qisqarganini ma’lum qildi

time.com sayti fotosurati

So‘nggi uch yil ichida Afg‘onistonda ko‘knori ekin maydonlari 95 foizga qisqargan. Bu haqda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘onistondagi vakili Polleak Ok Serey Ariana News'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat 2022 yilda ko‘knorini yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarish taqiqlanganidan so‘ng o‘zgara boshlagan. Ekin maydonlarining barqaror qisqarishi 2023–2025 yillar davomida kuzatilgan.

«Bu ajoyib yutuq va haqiqatan ham tarixiy natija. Ilgari bunday qisqarishni bir yildan ortiq vaqt saqlab turishning uddasidan chiqilmagan edi», — dedi Polleak Ok Serey.

Uning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar nafaqat Afg‘oniston, balki butun dunyo uchun ham ahamiyatlidir. Chunki ilgari mamlakat dunyodagi noqonuniy opium ishlab chiqarishning taxminan 80 foizini ta’minlab kelgan.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasida ta’kidlanishicha, ko‘knori yetishtirishning keskin qisqarishi yordam dasturlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan. Endi asosiy e’tibor ilgari ushbu ekinga qaram bo‘lgan fermerlar uchun muqobil daromad manbalarini rivojlantirishga qaratilmoqda. Shu bilan birga, boshqarma bu yo‘nalishdagi taraqqiyot mamlakatda saqlanib qolayotgan gumanitar, iqtisodiy va ekologik muammolar tufayli cheklanganligini qayd etdi.

Bundan tashqari, BMT boshqarmasi sintetik giyohvand moddalar tarqalishi xavfi ortib borayotgani haqida ogohlantirdi. Boshqarma vakillarining fikricha, o‘simlik asosidagi giyohvand moddalar ishlab chiqarishning qisqarishi jinoiy guruhlarning sintetik opioidlar va boshqa kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga o‘tishini tezlashtirishi mumkin. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimida ham, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash sohasida ham yangi yondashuvlarni talab qiladi.

BMT boshqarmasi vakillarining ushbu bayonotlari 2026 yil uchun Jahon giyohvand moddalari to‘g‘risidagi hisobot e’lon qilinishi ortidan yangradi. Hujjatda qayd etilishicha, yangi texnologiyalar, geosiyosiy beqarorlik va sintetik moddalarning keng tarqalishi ta’sirida jahon giyohvand moddalari bozori jadal o‘zgarmoqda.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, Afg‘onistonda opium ishlab chiqarishning qisqarishi boshqa mamlakatlarda, jumladan Myanmada ishlab chiqarishning o‘sishi bilan to‘liq qoplanmagan. Natijada jinoiy tarmoqlar tobora ko‘proq sintetik opioidlar, xususan fentanil, shuningdek boshqa kuchli ta’sir qiluvchi giyohvand moddalarga o‘tmoqda.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi sintetik giyohvand moddalar an’anaviy narkotiklarga nisbatan ancha xavfli bo‘lishi va jamoat salomatligi hamda xavfsizligi uchun jiddiy tahdid tug‘dirishini ogohlantiradi. Shuningdek, metamfetamin va kokainga bo‘lgan jahon miqyosidagi talabning o‘sishi noqonuniy giyohvand moddalar aylanmasi yo‘nalishlarining Afrika va Osiyo mamlakatlarini ham qamrab olgan yangi hududlarga kengayishiga turtki bo‘layotgani ta’kidlandi.

Ayni paytda Afg‘oniston hukumati joriy etilgan taqiq tufayli mamlakatda giyohvand moddalarni yetishtirish, ishlab chiqarish va ularning noqonuniy aylanmasi deyarli butunlay barham topganini ma’lum qiladi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi 11 022 ta operatsiya va ko‘knori ekinlarini yo‘q qilish bo‘yicha 25 764 ta tadbir o‘tkazilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi 533 ta yashirin laboratoriya yo‘q qilingan, 2 159 tonna taqiqlangan modda musodara etilgan va 13 326 nafar shaxs sudga tortilgan. Shuningdek, 21 569 jerib (4 313,8 gektar) maydondagi ko‘knori ekinlari yo‘q qilingan, giyohvandlikka qaram bo‘lgan 7 844 nafar shaxs esa davolanishga yuborilgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatda giyohvandlikka qaram shaxslar uchun 16 ta reabilitatsiya markazi mavjud bo‘lib, ulardan 12 tasi faoliyat yuritmoqda, yana to‘rttasi ochilish arafasida. Hukumatning ta’kidlashicha, ayni paytda 13 mingdan ortiq kishi davolanmoqda, so‘nggi bir necha yil ichida esa taxminan 185 ming nafar shaxs reabilitatsiyaga yo‘naltirilgan.

Shu bilan birga, BMT boshqarmasi ta’kidlashicha, Afg‘onistonda opium ishlab chiqarishning qisqarishi o‘z-o‘zidan jahondagi giyohvand moddalar muammosini hal etmaydi. Boshqarma fikricha, qishloq hududlarini rivojlantirish, giyohvandlikka qaram shaxslarni davolash va xalqaro hamkorlikka uzoq muddatli sarmoya kiritilmasa, o‘simlik asosidagi giyohvand moddalar yetishmovchiligi sintetik moddalar ishlab chiqarishning ortishi hisobiga to‘ldirilishi mumkin.