Qutqaruvchilar Panj daryosidan 17 iyun kuni yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati (TBAV) raisi Alisher Mirzonabotning jasadini topishdi. Uning jasadini yaqin qarindoshlari tan olishgan, deb xabar beradi «Aziya-Plyus» nashri Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi (FVQ) ma’lumotiga tayanib.
Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Orif Nozimiyonning aniqlik kiritishicha, jasad 26 iyun kuni, hodisa sodir bo‘lgan joydan taxminan 20 kilometr pastroqda topilgan.
Mirzonabotning jasadi yaqin qarindoshlari tomonidan tan olingan. Biroq, marhum shaxsini aniq identifikatsiya qilish jarayoni tegishli sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilganidan so‘nggina yakunlanadi.
FVQ ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq boshqa bir halok bo‘lgan shaxsning jasadi ham topilgan, ehtimolga ko‘ra, u Badaxshon rahbari haydovchisi Sino Muborakshoyevga tegishli. Uning jasadi ham hodisa sodir bo‘lgan joydan taxminan 20 kilometr uzoqda topilgan.
Avtomobilda hodisa vaqtida besh nafar kishi bo‘lgani sababli qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Operatsiyada 200 nafar qutqaruvchi, FVQning ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari va boshqa davlat idoralari vakillari, shuningdek, mahalliy aholidan ko‘ngillilar ishtirok etmoqda. Qidiruv ishlari daryo yuzasida ham, suv ostida ham olib borilmoqda.
Yo‘l-transport hodisasi 17 iyun kuni sodir bo‘lgan. Tojikiston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Toyota Land Cruiser xizmat avtomobili haydovchisi Dushanbe — Xoug‘ trassasida yuqori tezlikda harakatlangan. Darvoz tumanidagi Zigar va Yaxchisar qishloqlari orasida u boshqaruvni yo‘qotib, muhandislik-chegara inshootlariga urilib ketgan. Avtomobil ikkita ustunni urib, sim to‘siqni buzib o‘tib, Panj daryosiga qulab tushgan.
Hodisa vaqtida mashinada Tog‘li Badaxshon rahbari Alisher Mirzonabot, uning turmush o‘rtog‘i va ikki yoshli qizi, shuningdek, hudud rahbarining yordamchisi Sadonsho Djanalbishoyev hamda haydovchi Sino Muborakshoyev bo‘lgan.
17 iyun kuni prezident Emomali Rahmon, parlament vakillari hamda bir qator boshqa mansabdor shaxslar halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirishgan. Shu kuni qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlangan.
Ta’kidlash joiz, jurnalist Anora Sarkorova ushbu fojiali voqeada markaziy savolni ko‘taradigan bir nechta “g‘alati tafsilotlar va qarama-qarshi fikrlar” ga e’tibor qaratadi: bu baxtsiz hodisami yoki viloyat hokimi o‘ldirilganmi?
Jumladan, uning e’tiborini shu narsa jalb qilganki, Mirzonabot va uning hamrohlarining jasadlari hali topilmagan bo‘lsa-da, hokimiyat ularni allaqachon halok bo‘lgan deb e’lon qilgan. Bunday ishonch qayerdan paydo bo‘ldi, axir hatto shiddatli daryoda omon qolish deyarli imkonsiz deb faraz qilinsa ham, qidiruv ishlari davom etayotgan paytda umid saqlanib qoladi, deya ta’kidlaydi jurnalist.



