To‘qayev parlament palatalarining so‘nggi qo‘shma majlisini o‘tkazdi

kt.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 30 iyun kuni Parlamentning VIII chaqiriq palatalarining so‘nggi qo‘shma majlisida nutq so‘zladi, deb xabar berdi Kazakhstan Today.

Mamlakatda 30 yildan ortiq faoliyat yuritgan ikki palatali parlament o‘z ishini yakunlamoqda. 1 iyuldan yangi Konstitutsiya kuchga kiradi va qonunga muvofiq mamlakatda bir palatali Qurultoy tuziladi — unga saylovlar avgust oyida o‘tkaziladi.

«Biz davlatchiligimizning yangi bosqichiga kirmoqdamiz, bu bosqichning ildizlari asrlar qa’riga borib taqaladi», — dedi prezident bugungi majlisda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan o‘ttiz yil davomida parlament tomonidan taxminan 3,5 mingta qonun qabul qilingan bo‘lib, ularning har o‘ntasidan biri deputatlarning o‘zi tomonidan ilgari surilgan.

«Ularning samarali mehnati parlament tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Shubha yo‘qki, bu fidokorona faoliyat xalq xotirasida abadiy saqlanib qoladi», — dedi prezident va barcha chaqiriq deputatlariga davlat xizmati uchun minnatdorchilik bildirdi.

To‘qayev shuningdek, hozirgi parlament tarkibining ishini yuqori baholab, deputatlar Qozog‘iston rivojlanishining eng murakkab davrlaridan birida faoliyat yuritganini ta’kidladi.

«Sizlar mamlakatimizda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning boshida turdingiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, sizlar tub islohotlarni amalga oshirish yo‘lida barqarorlik va qat’iyat namoyon etdingiz. Taqdirli pallada mas’uliyatdan chetga chiqmadingiz va davlatimiz uchun hayotiy zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandingiz», — dedi u.

Davlat rahbari shuningdek, xalqaro vaziyatning murakkab ekanligiga e’tibor qaratdi. U jahondagi beqarorlik global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, xalqaro tashkilotlar prognozlari esa yaqin ikki yil ichida ham xatarlar saqlanib qolishini ko‘rsatishini ta’kidladi.

«Biroq qo‘lni qovushtirib o‘tirish va sarosimaga tushish kerak emas. Hukumat mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab qolish uchun juda faol va tezkor ishlashi lozim», — dedi To‘qayev.

Yakunda prezident hozirgi chaqiriq Qozog‘istonning yangi tarixidagi eng kuchli chaqiriqlardan biri ekanini ta’kidladi.

«Qurultoy oliy qonun chiqaruvchi organ sifatida barcha yo‘nalishlarda vorisiylikni, institutsional barqarorlikni, an’analarni saqlashni hamda parlamentning o‘ziga xos madaniyatini shakllantirishni ta’minlashi kerak», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi parlamentning asosiy maqsadi «barchaga teng imkoniyatlar yaratadigan adolatli Qozog‘istonni barpo etish» bo‘ladi.