Pentagon va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ikki yillik harbiy hamkorlik rejasini tasdiqladi

uzdaily.uz sayti fotosurati

Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston 2026–2027 yillar uchun ikki tomonlama harbiy hamkorlikning batafsil rejasini kelishib oldi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar berdi.

Hujjat AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Maykl Lini va O‘zbekiston Milliy gvardiyasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida tasdiqlangan.

Amerika tomoni mudofaa sohasida Toshkent bilan uzoq yillik va muvaffaqiyatli sheriklikdan faxrlanishini bildirdi. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda respublika harbiy xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshirishga qat’iy sodiq ekanini tasdiqladi.

Muzokaralar davomida tomonlar birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalarini batafsil tahlil qildi. Muhokamalarda asosiy e’tibor yaqin istiqboldagi strategik ustuvor yo‘nalishlarni kelishib olishga qaratildi. Tasdiqlangan reja ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib, mudofaa sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Kun tartibidagi alohida masala sifatida O‘zbekiston mutaxassislari uchun ixtisoslashgan ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ko‘rib chiqildi. Bu borada AQSH tomonidan muvofiqlashtiriladigan Xalqaro harbiy ta’lim va tayyorgarlik dasturi (IMET) salohiyatini yanada faolroq jalb etish nazarda tutilmoqda. Ushbu dastur xorijiy harbiy kadrlarning malakasini oshirishni ko‘zda tutadi.

Uchrashuv ishtirokchilari to‘plangan tajriba bilan tizimli almashinuv va sifatli ixtisoslashgan ta’lim kuch ishlatar tuzilmalar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda fundamental ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

Tomonlar fikricha, bu yo‘nalishdagi birgalikdagi sa’y-harakatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Pentagonda bu chora-tadbirlar xavfsiz kelajakni shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

ℹ️ AQSH va O‘zbekiston harbiy mahkamalari o‘rtasidagi munosabatlar 2000-yillar boshidan beri uzilishlar bilan rivojlanib kelmoqda. Hamkorlikning faollashuvi 2001 yil 11 sentyabr terror hujumlaridan so‘ng kuzatilgandi, o‘shanda O‘zbekiston AQSHga Afg‘onistondagi operatsiyalar uchun Qarshi-Xonobod aerodromidan foydalanish imkonini bergandi. Biroq 2005 yilda, Andijon voqealaridan so‘ng, Toshkent AQSH harbiy kuchlaridan mamlakatni tark etishini talab qildi. Hamkorlikni qayta tiklash 2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi ortidan boshlandi. O‘shanda O‘zbekiston rahbari AQSH Mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan uchrashib, harbiy hamkorlikka qiziqish bildirgandi. Oq uy tomonidan esa O‘zbekistonning AQSH harbiy texnikasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ma’lum qilindi. Rasmiy bayonotda respublika «mintaqadagi muhim geostrategik davlat» sifatida ta’riflangan.

2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston maxsus operatsiyalar kuchlari harbiy xizmatchilari ilk bor AQSHda Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan o‘tkazilgan «Janubiy zarba» qo‘shma o‘quv mashqlarida ishtirok etdi. Shundan beri o‘zbek harbiylari muntazam ravishda qo‘shma mashqlarda qatnashib kelmoqda, shuningdek, IMET dasturi O‘zbekiston uchun kamida 2000 yildan beri amal qilib keladi. 2024 yili tomonlar Afg‘onistondan qo‘shinlar chiqarilgandan so‘ng respublikaga olib o‘tilgan AQSH aviatsiya texnikasiga birgalikda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.