«Tottenxem»ning sobiq bosh murabbiyi Qozog‘iston milliy terma jamoasini boshqarish uchun yiliga 5 million yevro so‘radi

Ange Postekoglu. «Tottenxem» FK fotosurati

Angliyaning «Tottenxem» klubi sobiq bosh murabbiyi, avstraliyalik Ange Postekoglu Qozog‘iston milliy terma jamoasini boshqarish uchun yiliga 5 million yevro maosh talab qildi. Mutaxassisning yuqori moliyaviy talablari Qozog‘iston futbol federatsiyasi (QFF) uning nomzodini rad etishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda AmanVibe Telegram kanali xabar berdi.

Postekoglu Qozog‘iston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Talg‘at Baysufinovning o‘rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqilgan edi. Baysufinov iste’foga chiqqanidan so‘ng bu lavozim bo‘sh qolgandi. Qozog‘istonlik mutaxassisning iste’fosi QFF bosh kotibi lavozimiga yana bir avstraliyalik — Skott Munnning yaqin orada tayinlanishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Munn avval Angliyaning «Tottenxem» klubida futbol operatsiyalarini boshqargan, o‘sha vaqtda jamoaga Ange Postekoglu murabbiylik qilgan.

Avvalroq Eurasia Football portali Postekoglu Talg‘at Baysufinovning o‘rnini egallash uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotganini xabar qilgandi.

Agar tomonlar kelishuvga erishganida, Postekoglu Markaziy Osiyo futboli tarixidagi eng yuqori maosh oladigan murabbiyga aylangan bo‘lar edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro yiliga 4 million yevro maosh oladi.

Qozog‘iston milliy terma jamoasi shu yil kuzida UYEFA Millatlar ligasining 2026/27 yilgi mavsumida ishtirok etadi. Jamoa S3 guruhidan joy olgan bo‘lib, unda Slovakiya, Farer orollari va Moldova terma jamoalari bilan bahs olib boradi. Qozog‘istonliklar musobaqadagi ishtirokini 26 sentyabr kuni mehmonda Farer orollariga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. 29 sentyabr kuni esa safarda Slovakiyaga qarshi maydonga tushadi. 2 va 6 oktyabr kunlari o‘z maydonida mos ravishda Moldova va Farer orollari terma jamoalarini qabul qiladi.Guruh bosqichining yakuniy uchrashuvlari noyabr oyida o‘tkaziladi. 13 noyabr kuni Qozog‘iston mehmonda Moldova bilan o‘ynaydi, 16 noyabr kuni esa o‘z maydonida Slovakiyani qabul qiladi. Guruh g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri V ligasiga yo‘llanma oladi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa esa pley-off (o‘tish) bahslarida ishtirok etadi.