Qozog‘iston AQSHga agrosanoat, raqamlashtirish va Transkaspiy logistikasi sohalarida qo‘shma loyihalarni taklif qildi

atameken.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston AQSHga agrosanoat majmuasi, raqamlashtirish va Transkaspiy transport yo‘lagi logistikasi sohalarida qo‘shma loyihalarni taklif qildi. Bu haqda 30 iyun kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan «Qozog‘iston Respublikasi – Amerika Qo‘shma Shtatlari» biznes davra suhbatida «Atameken» Milliy tadbirkorlar palatasi (MTP) rahbari Qanat Sharlapayev ma’lum qildi, deb xabar beradi MTP matbuot xizmati.

Tadbirda ikki mamlakat davlat idoralari, biznes doiralari, xalqaro korporatsiyalar va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Qutlov so‘zi bilan Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumang‘arin, prezidentning AQSH bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Yerjan Qozixan, AQSH elchixonasi rahbari o‘rinbosari Debora Robinson hamda AQSH Savdo palatasi katta vitse-prezidenti Xush Choksi ishtirok etdi.

Sharlapayev o‘z nutqida amerikalik kompaniyalar mustaqil Qozog‘istonning dastlabki strategik investorlari bo‘lganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda hamkorlik an’anaviy savdo doirasidan chiqib, texnologik kooperatsiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yo‘nalishiga o‘tmoqda. MTP rahbari Qozog‘iston xorijiy investorlar uchun shaffof tartibga solish muhitini yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini, jumladan, soliq ma’murchiligini takomillashtirish va tartib-taomillarni soddalashtirish choralari ko‘rilayotganini qayd etgan.

Yangi ustuvor yo‘nalishlar qatorida Qozog‘iston tomoni noyob yer elementlari konlarini o‘zlashtirish, ularni chuqur qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish loyihalarini tilga olgan. Shuningdek, amerikalik kompaniyalarni Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (TXTY) portlari va logistikasini modernizatsiya qilishga jalb etish taklif qilingan. Alohida yo‘nalishlar sifatida raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va «Astana» xalqaro moliya markazi (AXMM) negizidagi fintex sohasi ko‘rsatilgan. Agrosanoat majmuasida esa Qozog‘iston aniq dehqonchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi va irrigatsiya tizimlarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirmoqda.

«Biz faqat kapital jalb etishdan emas, balki zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologiyalar transferi, innovatsiyalarni rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini shakllantirishdan manfaatdormiz. Qozog‘iston har ikki mamlakat uchun uzoq muddatli iqtisodiy qiymat yaratadigan sheriklikni rivojlantirishga intiladi», — degan Sharlapayev.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Kuantirovning ma’lum qilishicha, mamlakatda 600 dan ortiq Amerika kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. AQSHning Qozog‘istonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 100 milliard dollardan oshgan.

Kuantirov ta’kidlashicha, Qozog‘iston neft-kimyo va metallurgiyadan tortib mashinasozlik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashgacha bo‘lgan sohalarda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega.

Uchrashuv ishtirokchilari investitsiya muhiti, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, raqamlashtirish va Amerika biznesining Qozog‘istondagi ishtirokini kengaytirish masalalarini muhokama qilishgan. Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida «Atameken» Milliy tadbirkorlar palatasi va AQSH Savdo palatasi huzuridagi Amerika–Qozog‘iston biznes kengashi o‘rtasida strategik sheriklik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat biznes hamjamiyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish va institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Davra suhbatidan so‘ng Kuantirov AQSH Savdo missiyasi delegatsiyasi bilan alohida uchrashuv o‘tkazgan. U o‘z nutqida Qozog‘istondagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) tarkibidagi o‘zgarishlar dinamikasiga to‘xtalgan.

«Agar 25 yil avval to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning taxminan 75 foizi neft-gaz va metallurgiya tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning ulushi qariyb 35 foizni tashkil etmoqda. Bu Qozog‘iston iqtisodiyoti chuqur diversifikatsiya qilinganini ko‘rsatadi», — degan vazir o‘rinbosari.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi