Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi kamaydi, Qozog‘iston va Janubiy Koreya ulushlari tenglashdi

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Rossiyaning O‘zbekistonga pul o‘tkazmalaridagi ulushi 72,4 foizgacha pasaydi. Bu ko‘rsatkich bir yil davomida 5,2 foiz bandga kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki ma’lum qildi.

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir.

Markaziy bank matbuot xizmatiga ko‘ra, Rossiya ulushining 77,6 foizdan 72,4 foizgacha qisqarishi yil boshidan patent to‘lovlari miqdorining oshirilishi, mart oyida rubl kursi qadrsizlanishi hamda mehnat migratsiyasi geografiyasining kengayishi bilan izohlangan.

Shu bilan birga, boshqa davlatlarning ulushi oshgan. Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga ko‘payib, 4,1 foizga yetgan. Janubiy Koreyaning ulushi ham 0,6 foiz bandga o‘sib, 4,1 foizni tashkil qilgan.

Yevropa mamlakatlarining ulushi ham 1 foiz bandga oshib, 3,3 foizga yetgan. Boshqa barcha davlatlarning ulushi esa 2,6 foiz bandga ko‘payib, 16,2 foizni tashkil qilgan.

Markaziy bank matbuot xizmatida alohida davlatlar bo‘yicha pul o‘tkazmalari hajmining aniq raqamlari keltirilmagan. Biroq ko‘rsatilgan ulushlar 3,8 milliard AQSH dollarlik umumiy hajmga tatbiq etilsa, Rossiyadan taxminan 2,75 milliard dollar, Qozog‘iston va Janubiy Koreyadan har biriga qariyb 155,8 million dollar, Yevropa mamlakatlaridan taxminan 125,4 million dollar, boshqa davlatlardan esa qariyb 615,6 million dollar o‘tkazilgani kelib chiqadi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida Rossiyada patent asosida 1,34 million nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 1,8 foizga kamaygan. Markaziy bank bu pasayishni mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozorlaridagi sharoit o‘zgarishi bilan izohlagan.

Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi choragida Turkiya tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga berilgan mehnat ruxsatnomalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga oshib, qariyb 70 mingtani tashkil qildi. Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston fuqarolari soni esa birinchi chorakda 99,6 ming nafarga yetgan.

2026 yilning birinchi choragida jami 1,63 million nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijga chiqqan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,6 foizga ko‘pdir. Havo transporti orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 2,25 million nafarga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga oshgan.

Markaziy bank qayd etishicha, pul o‘tkazmalari tarkibini diversifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda. Biroq, uning sur’ati va davomiyligi tashqi mehnat bozorlaridagi vaziyat hamda asosiy hamkor davlatlardagi makroiqtisodiy sharoitga bog‘liq.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi