Qozog‘iston Energetika vazirligi: Qirg‘izistondan benzin yetkazib berish bo‘yicha so‘rov kelib tushdi, Rossiyadan esa bunday so‘rov bo‘lmagan

Qayirxan Tutqishbayev. primeminister.kz sayti fotosurati

Qirg‘iziston Qozog‘istonga yoqilg‘i-moylash materiallari (YOMM) yetkazib berish bo‘yicha rasman murojaat qildi. Bu haqda hukumatdagi brifingda Energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxаn Tutqishboyev ma’lum qildi, deb xabar berdi Vlast.kz.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, so‘rov Energetika vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biroq, u ehtimoliy yetkazib berish hajmlari haqida aniq ma’lumot bermagan.

Rossiya va Qirg‘izistonda benzin tanqisligi kuzatilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berarkan, Tutqishbayev Rossiya tomonidan yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha hech qanday rasmiy murojaat kelib tushmaganini ta’kidladi.

Avvalroq Reuters agentligi manbalarga tayanib, Moskva Qozog‘istonga ichki yoqilg‘i tanqisligini yumshatish maqsadida AI-92 markali benzindan qariyb 50 ming tonna yetkazib berish bo‘yicha murojaat qilgani haqida xabar bergan edi. Biroq, Qozog‘iston rasmiylari bunday murojaat bo‘lganini bir necha bor rad etgan.

Iyul oyi boshida Qirg‘iziston yoqilg‘i tanqisligi ehtimoli yuzasidan xavotirlar fonida yoqilg‘i yetkazib berish barqarorligini ta’minlashda yordam so‘rab Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonga murojaat qilgani xabar qilingan edi. O‘shanda respublika Energetika vazirligi mamlakat yoqilg‘i-moylash materiallarining asosiy qismini import qilishini, asosiy yetkazib beruvchi esa Rossiya ekanini eslatgandi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yillik iste’mol hajmi qariyb 1,6 million tonna bo‘lgan YOMMning 90–95 foizi Rossiyadan import qilinadi, benzin bo‘yicha esa Rossiya yetkazib berishlarining ulushi deyarli 100 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Rossiya uzoq vaqtdan so‘ng birinchi marta o‘zi yoqilg‘i yetishmovchiligiga duch kelgan davlat holatiga tushdi. Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan zarbalar fonida Moskva neft mahsulotlarini eksport qilishga qo‘yilgan cheklovlarni kuchaytirdi.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi