AQSHda o‘zbekistonlik ishtirokida odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng nazorat kuchaytirildi

Bekzod Asrarov, Tobias Forsayt. thepostmillennial.com sayti fotosurati

AQSHning Ogayo shtatida O‘zbekiston fuqarosi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi uzoq masofaga qatnovchi yuk mashinasi haydovchilari ustidan nazoratni kuchaytirishga turtki bo‘ldi. Bu haqda AQSH transport vaziri Shon Daffi (Sean Duffy) ma’lum qildi.

The Columbus Dispatch nashrining xabar berishicha, YTH 5 iyul kuni soat 01:37 da Medison okrugidagi I-71 davlatlararo avtomagistralida sodir bo‘lgan. 42 yoshli o‘zbekistonlik Bekzod Asrarov yarim tirkamali yuk avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtda 21 yoshli Tobias Forsayt boshqaruvidagi Honda Accord avtomobilining orqa qismiga kelib urilgan. Zarba oqibatida Forsayt voqea joyida halok bo‘lgan. To‘qnashuvdan keyin yuk avtomobili ajratuvchi yo‘lakdan oshib o‘tib, I-71 avtomagistralining qarama-qarshi harakat qismiga chiqib ketgan va boshqa transport vositalari ishtirokida ikkinchi to‘qnashuvni keltirib chiqargan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida shtat patruli xodimi yuk avtomobili kabinasida videoregistrator mahkamlagichini va unga ulangan uzilib qolgan simni topgan, ammo videoregistratorning o‘zi joyida bo‘lmagan. Asrarov bilan muloqot qilish uchun tibbiyot xodimlari va patrulchilar Google Translate xizmatidan foydalangan, chunki haydovchi faqat o‘zbek tilida gapirgan va ingliz tilini bilmagan. Patrulchi Asrarovdan videoregistrator qayerdaligini so‘raganida, u ishora bilan cho‘ntagini ko‘rsatgan. Tekshiruv chog‘ida videoregistrator uning cho‘ntagidan topilgan.

Prokurorlar Asrarov harakatlarini dalillarni yashirishga urinish sifatida baholab, unga dalillarni yashirish aybi bo‘yicha — uchinchi darajali og‘ir jinoyat sifatida ayblov e’lon qilgan.

Hodisa joyidan, shuningdek, uchta uyali telefon va haydovchining ish vaqtini hisobga olish uchun mo‘ljallangan elektron qurilma (elektron logbuk) musodara qilingan. Tergovchilar Asrarov tezlikni oshirgan-oshirmaganini, rulda ketayotib matnli xabarlar yuborgan-yubormaganini hamda haydovchilar uchun belgilangan federal boshqaruv vaqti cheklovlarini buzgan-buzmaganini aniqlash maqsadida ushbu qurilmalarni tekshirmoqda. 7 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Medison okrugi qamoqxonasida saqlanayotgan edi. Tergov davom etmoqda.

AQSH transport vaziri Shon Daffi o‘z bayonotida Asrarov ingliz tilini bilish bo‘yicha testdan o‘ta olmaganini ta’kidladi. Shu sababli politsiya xodimlari hodisa joyida u bilan muloqot qilish uchun onlayn tarjimondan foydalanishga majbur bo‘lgan.

«Biz Asrarov kabi yo‘l belgilarini o‘qiy olmaydigan yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan muloqot qila olmaydigan yuk mashinasi haydovchilariga AQSH avtomagistrallarida 80 ming funt (taxminan 36 tonna) og‘irlikdagi transport vositalarini boshqarishga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik avtomobil yo‘llarini xavfli yuk mashinasi haydovchilaridan himoya qilish yo‘lidagi kurashni «hech qachon to‘xtatmaydi».

Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, Asrarov AQSHga Jo Bayden ma’muriyati davrida kirgan bo‘lib, immigratsion vizalar lotereyasi (Diversity Visa) orqali g‘olib chiqqan. U Ogayo shtatida tijorat haydovchilik guvohnomasi — CDL (Commercial Driver's License) olgan, garchi AQSH transport vazirining so‘zlariga ko‘ra, u ingliz tilida gapirmagan.

Ayni paytda federal qoidalarga ko‘ra, CDL egalari ingliz tilini shunday darajada bilishi kerakki, ular muloqot qila olishi, yo‘l belgilari va signallarini tushunishi, rasmiy so‘rovlarga javob berishi hamda zarur hisobotlarni to‘ldirishi lozim, deb tushuntiradi PM.

2026 yil boshida AQSH hukumati SafeDRIVE («Xavfsiz haydash») operatsiyasini boshladi. Uch kun davomida 24 tadan ortiq shtat hududida Avtotransport xavfsizligi federal ma’muriyati (FMCSA) inspektorlari 8200 dan ziyod tekshiruv o‘tkazgan. Reydlar natijasida deyarli 2000 nafar haydovchi va transport vositasi ishdan chetlashtirilgan. Ulardan qariyb 500 nafari ingliz tilini bilish talablarini buzgani uchun yo‘nalishdan olib tashlangan. Bundan tashqari, 56 nafar haydovchi mast holda transport boshqargani va AQSH hududida noqonuniy bo‘lgani uchun hibsga olingan.

AQSH transport vaziri Shon Daffi o‘z bayonotida Asrarov ingliz tilini bilish bo‘yicha testdan o‘ta olmaganini ta’kidladi. Shu sababli politsiya xodimlari hodisa joyida u bilan muloqot qilish uchun onlayn tarjimondan foydalanishga majbur bo‘lgan.